Ortiqxo‘jayev 10 mingta talabani turar joy bilan ta’minlash yo‘lini aytdi

Toshkentning Yangihayot tumanida bir haftada davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 10 ming o‘rinli talabalar turar joyi tashkil etiladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev kecha, 9-sentyabr kuni sektor rahbarlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri hamda poytaxtdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokidagi yig‘ilishda aytib o‘tdi.
Yig‘ilishda bugungi kunda eng dolzarb bo‘lib turgan talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi muhokama qilindi.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev joriy yilda qurilayotgan talabalar yotoqxonalari bitkazilib, foydalanishga topshirilgunga qadar o‘qishga kelgan yoshlarni vaqtincha turar joy bilan ta’minlash uchun «Tashkent indeks» savdo majmuasida bo‘sh turgan 10 ming o‘rinli tadbirkorlar binosini bir hafta muddatda davlat xususiy sheriklik shartlari asosida talabalar uchun turar joyga aylantirish taklifini berdi. Ushbu taklif esa yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan ma’qullangan.
Bugungi kunda «Tashkent indeks»da yashash uchun zarur infratuzilma shakllanganligi, bu yerda yoshlar vaqtincha boshpana bilan ta’minlanishlari, xavfsiz bo‘lishlari, ovqatlanish va transport qatnovida ham muammo tug‘ilmasligi inobatga olinganligini aytib o‘tildi.
«Tashkent indeks»da tashkil etiladigan Talabalar yotoqxonasi atrofida qator ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari mavjud bo‘lib, yoshlarning istagiga ko‘ra, ular o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida ish bilan band bo‘lishlari ta’minlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter