Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi: Shavkat Mirziyoyev Dushanbedagi chiqishida «Qo‘shtepa» kanali haqida to‘xtaldi

Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi: Shavkat Mirziyoyev Dushanbedagi chiqishida «Qo‘shtepa» kanali haqida to‘xtaldi

Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 15-sentyabr kuni Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, Tojikistonning 2020-2023-yillarda jamg‘armaga raisligi yakunlari sarhisob qilindi, Orol dengizi havzasida ekologiya, suv xo‘jaligi va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi hamda jamg‘arma doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti «Qo‘shtepa» kanal qurilishi bo‘yicha ham o‘z fikrini bildirdi. 

— «Qo‘shtepa» kanali qurilishi bo‘yicha ham o‘z fikrimni bildirib o‘tmoqchiman.

Mohiyat-e’tiboriga ko‘ra, mintaqamizda suvdan foydalanish jarayonida bizning mamlakatlarimiz bilan hech qanday majburiyat asosida bog‘lanmagan yangi ishtirokchi paydo bo‘ldi.

Afg‘on tomoni kanalni qurish bo‘yicha faol ish olib borayotganini yaxshi bilasiz.

Uning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin.

«Qo‘shtepa» kanalining qurilishi va uning Amudaryo suvidan foydalanish tartibiga ta’siri bilan bog‘liq barcha jihatlarni mamlakatlarimizdagi tadqiqot institutlarini jalb etgan holda o‘rganish bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruhini shakllantirish zarur, deb hisoblaymiz.

Afg‘oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etamiz, – deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida bugungi sammitda ilgari surilayotgan tashabbuslar va qabul qilinayotgan hujjatlarning amalga oshirilishi jamg‘arma doirasida xalqlarimiz farovonligi va butun Markaziy Osiyo mintaqasining gullab-yashnashi yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va samaradorligini oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Yig‘ilishda Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston rahbarlari va Qirg‘iziston Hukumati a’zosi ham so‘zga chiqdi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining murojaati o‘qib eshittirildi.

Tadbir yakunida jamg‘arma ta’sischi davlatlari quyidagi hujjatlarni imzoladilar:

- Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlarining Dushanbe bayonoti;

- Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining Tojikiston Respublikasining OQXJdagi raisligi yakunlari to‘g‘risida qarori;

- Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2024-2026-yillarga OQXJ prezidenti etib saylangani to‘g‘risidagi qarori;

- Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining OQXJ tashkiliy tuzilmasi va shartnoma-huquqiy bazasini takomillashtirish bo‘yicha faoliyat to‘g‘risidagi qarori.

2024-2026 yillarda OQXJga raislik Qozog‘iston Respublikasiga o‘tdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring