Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ona 2 yildan beri Koreyada, ota farzandiga zulm o‘tkazyapti, buvi esa shikoyatchi

Ona 2 yildan beri Koreyada, ota farzandiga zulm o‘tkazyapti, buvi esa shikoyatchi

Ombudsmanga Jizzax viloyatidan kelib tushgan murojaatga ko‘ra, fuqaro B.O.ning nabirasiga otasi tomonidan bosim va zo‘ravonlik qilib kelingan.

Murojaatda yozilishicha, B.O.ning qizi K.S. 2022-yildan buyon Koreyada ishlaydi. Uning 8 yoshli o‘g‘li esa kuyovi, ya’ni K.S.ning eri qaramog‘ida qolgan.

Ombudsman bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, murojaatga ilova qilingan videoyozuvda er-xotinning videoqo‘ng‘iroq orqali janjallashgani va ota o‘g‘lining bo‘g‘ziga pichoq tiragani aks etgan. Shuningdek, ayol eri tomonidan ko‘p marotaba kaltaklangani va sog‘lig‘iga zarar yetgani haqida gapirgan.

«Murojaat darhol Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, holat uning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda joyiga chiqib o‘rganildi», – deyiladi rasmiy xabarda.

Aniqlanishicha, hozirda fuqaro K.S.ning voyaga yetmagan o‘g‘li buvisi bilan yashamoqda. Bola bilan suhbat o‘tkazilganda, ota-onasi o‘rtasidagi salbiy munosabatdan norozi ekanligini, otasi bilan yashashni xohlamasligi hamda buvisi bilan qolishni istashini bildirgan. Shundan so‘ng, fuqaro K.S.ning voyaga yetmagan o‘g‘liga buvisi vaqtinchalik vasiy etib tayinlangan.

Ota esa voyaga yetmagan farzandiga nisbatan o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitishda ifodalangan g‘ayriqonuniy harakatlari bilan Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni qasddan sodir etganlikda ayblanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring