Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy ta’lim tizimida dual ta’lim tashkil etiladi – loyiha

Oliy ta’lim tizimida dual ta’lim tashkil etiladi – loyiha

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tizimida dual ta’lim tashkil etiladi. Bu haqda Hukumatning tegishli qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, Oliy ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi. Ushbu nizomda dual ta’limning maqsad va vazifalari, dual ta’limni tashkil etish va uning bosqichlari, dual ta’limda o‘quv jarayoni va malaka amaliyotini olib borish tartibi, dual ta’lim ishtirokchilarining vazifalari, huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.

Shuningdek, qaror loyihasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga iqtisodiyot tarmoqlarida tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganish, Iqtisodiy taraqqiyot
va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga dual ta’lim  asosida kadrlar tayyorlash takliflarini taqdim etish, dual ta’lim tashkil etiladigan tashkilotlar bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga takliflar kiritish, dual ta’lim tizimini tashkil etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni shakllantirish bo‘yicha topshiriq va vazifalar belgilanmoqda.

Qaror loyihasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga har yili tasdiqlangan chora-tadbirlar asosida talabalarni dual ta’lim dasturlari asosida o‘qishga jalb etish ishlarini tashkil etish, dual ta’lim tashkil etiladigan tashkilot va oliy ta’lim muassasasida ta’lim jarayonini tashkil etish yuzasidan hamkorlikni yo‘lga qo‘yilishini hamda kelishilgan o‘quv rejasi va o‘quv jarayoni jadvalini tasdiqlanishini ta’minlash, talabalarni belgilangan muddatlarda oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayonlarida ishtirok etishlarini va tegishli tashkilotlarda amaliy mashg‘ulotlar bilan birga mehnat faoliyati olib borishlarini ta’minlash, oliy ta’lim muassasalarida dual ta’lim jarayonini tashkil etilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish vazifalari belgilanmoqda.

Shu bilan birga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi har yili 1-mayga qadar tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda dual ta’lim tashkil etiladigan oliy ta’lim yo‘nalishlari va muassasalarini belgilaydi.

Dual ta’lim bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga talabalarni o‘qishga qabul qilish parametrlari Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarning takliflari asosida tasdiqlanadi.

Qayd etilishicha, loyihani tayyorlashda jahondagi yetakchi mamlakatlar, jumladan Germaniya, Ispaniya, Italiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya oliy ta’lim muassasalarida dual ta’lim shaklini joriy etish borasidagi tajribalari o‘rganilgan. 

Ma’lumot uchun, dual ta’lim (shakli) – ta’limning nazariy qismi oliy ta’lim muassasada, amaliy qismi esa ish joyida o‘tkaziladigan shakli hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring