Oilaviy zo‘ravonlik qurbonlariga muddatsiz ajrashish huquqi berilishi mumkin
Hukumatga ikki oy muddatda Oliy sud bilan birgalikda jinoiy oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qurbonlariga nisbatan jabrlanuvchining talabiga ko‘ra sud tomonidan nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlarning soddalashtirilgan tartibda, ya’ni sud mahalladagi xotin-qizlar faolining fikrini inobatga olgan holda er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga imkoniyat yo‘q deb topsa, ishni ko‘rishni keyinga qoldirmasdan hamda yarashish uchun muhlat tayinlamasdan hal qiluv qarori chiqarishni nazarda tutuvchi hujjat loyihasini ishlab chiqish va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish vazifasi topshirildi.
Bu borada «Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarorida belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, hujjat bilan Vazirlar Mahkamasiga sudda uy-joyga majburiy tartibda kiritish bilan bog‘liq da’volar ko‘rilayotganda, uy egasining talabiga ko‘ra majburiy tartibda kiritilayotgan taraf uy egasiga tegishli mutanosib sharoitga ega boshqa yashash joyiga yoki uy egasi tomonidan ijara haqi to‘lab turiladigan yashash joyiga kiritib qo‘yish imkoniyatini yaratuvchi hujjat loyihasini ishlab chiqish topshirilgan.
Bundan tashqari, Hukumat Oliy sud bilan birgalikda ikki oy muddatda yon shajara bo‘yicha yaqin qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan nikohlardan nogiron farzandlar tug‘ilishi xavfi to‘g‘risida amaliyot va xorijiy tajribani chuqur o‘rgangan holda, bunday nikohlar kelajak avlod salomatligi uchun salbiy ta’sir etadigan bo‘lsa, yon shajara bo‘yicha yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzish maqsadga muvofiq emasligi yuzasidan taklif kiritadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter