Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Naslchilik xo‘jaligi maqomini berish bo‘yicha ham davlat xizmatlari ko‘rsatiladi

Naslchilik xo‘jaligi maqomini berish bo‘yicha ham davlat xizmatlari ko‘rsatiladi

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 5-sentyabrdagi tegishli qarori bilan Naslchilik xo‘jaligi maqomini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Reglamentga ko‘ra, naslchilik xo‘jaligi maqomi talabgorning murojaatida ko‘rsatilgan muayyan toifaga mansub zotdagi chorva hayvonlari (yovvoyi va xonaki hayvonlar, shuningdek, parrandalar, baliqlar, muayyan hayvonlar hamda asalarilar) turiga yoki faoliyat yo‘nalishiga qarab beriladi.

Talabgor yoki uning vakili davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat qiladi yoki YaIDXP (my.gov.uz)da ro‘yxatdan o‘tadi.

So‘rovnoma to‘ldirilib, unga quyidagilar ilova qilinadi:

  • naslchilik zavodi, naslchilik xo‘jaligi, genofoid xo‘jaligi maqomini olishga talabgorlar uchun – so‘nggi 3 yilda o‘tkazilgan naslli mahsulotlar (materiallar) bonitirovkasi natijalari bo‘yicha ma’lumotnomalar nusxasi;
  • nasldor chorva hayvonlarining identifikatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi ma’lumot;
  • tegishli chorva hayvonlari turlari bo‘yicha naslchilik xo‘jaligi maqomini olish uchun minimal talablarga muvofiqligi bo‘yicha talabgor tomonidan tasdiqlangan ma’lumotlar.

Davlat xizmati ko‘rsatganlik uchun BHMning 2 baravari (660 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.

YaIDXP orqali murojaat etilganda mazkur miqdor 594 ming so‘mni tashkil etadi.

Vakolatli organ so‘rovnomadagi ma’lumotlarning to‘g‘riligini aniqlash uchun 10 ish kuni ichida joyiga chiqqan holda o‘rganadi.

Shuningdek, o‘rganish vaqtida tumanlar (shaharlar) veterinariya bo‘limlari orqali talabgorning epizootik barqarorligi, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalari ham o‘rganiladi.

Naslchilik xo‘jaligi maqomi berilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma 5 yil muddatga beriladi.

Guvohnoma olgan shaxs uni boshqa shaxsga foydalanish uchun berishi mumkin emas. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring