Katta tuyaqush 24 million so‘mligi rostmi?
Yodingizda bo‘lsa, saytimizda «Tuyaqush boqing! Xarajati kam, daromadi mo‘l» nomli maqola e’lon qilgan va unda Toshkent viloyati Qibray tumani «Chinobod — Hayitboyev Saydulla» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi raisi Murodilla Husanov bilan suhbatni yoritgan edik. O‘shandan keyin tahririyatimizga bu sohaga qiziqqan ko‘plab yurtdoshlarimiz qo‘ng‘iroq qildilar va bu holat tuyaqushchilikka oid maxsus videolavha hamda yangi maqola e’lon qilishimizga turtki bo‘ldi.
Keling, bugungi maqolamizga boshqacharoq yondashamiz va uzundan-uzoq matnlardan voz kechamiz.
Demak, tuyaqushchilikka qiziqsangiz bilingki:
- Tuyaqushning jussasi katta bo‘lgani bilan u tajovuzkor emas. Ko‘pchilik internetda tarqalgan lavha orqali xulosa qiladi. O‘shanda bir yigit tuyaqushning oldiga kiradi va tegmoqchi bo‘ladi. Tuyaqush uni cho‘qib tepmoqchi bo‘ladi. Bu holat ham Toshkent viloyatida sodir bo‘lgan. Tuyaqush kimdir unga o‘zi tajovuz qilmasa, juda beozor jonivor.
- Tuyaqush gavdasiga qaraganda juda ko‘p yemak iste’mol qiladi va unga alohida yeguliklar tayyorlash zarur deganlar ham adashadi. Bu jonivor ovqat tanlamaydi. Odatda yemishining 70 foizigacha turli-tuman ko‘katlardan iborat bo‘ladi. Qolganiga bug‘doy, jo‘xori, arpa kabi donlar aralashtirib berilaveradi. Yirik tuyaqushlar kuniga o‘rtacha 2 kg yem yeydi. Yana bir qiziq jihat — o‘zining to‘yganini biladigan yagona jonzot. Agar unga 3 kilo yemak berilsa, albatta 1 kilosini qoldiradi.
- Alohida joy, o‘ziga xos parvarishni ham talab qilmaydi. 20 daraja sovuqdan 50 daraja issiqqacha bemalol yashayveradi. Qishda ham ustiga qor tushib, pati muzlamasa bas.
- Yirik tuyaqushlarning bo‘yi 220-230 santimetr atrofida bo‘ladi. Yirik tuyaqushlarning vazni 220-230 kilogrammga yetadi va ulardan 170-180 kilogrammgacha go‘sht olish mumkin. Nar tuyaqush 3 yoshda, modasi 2 yoshda voyaga yetadi va nasl bera boshlaydi.
- Ko‘pchilik tuyaqush go‘shtini tovuq go‘shtiga o‘xshash deb tasavvur qiladi. Aslida u mol go‘shtining toza lahm joyiga o‘xshash go‘sht beradi va go‘shti juda mazali hamda foydali.
- Tuyaqush tuxumi 2 kilogramm atrofida bo‘ladi va bittasi sakkiz nafargacha odamni to‘yg‘aza oladi. Po‘sti shu qadar mustahkamki, qo‘l bilan sindirib bo‘lmaydi. Bu tuxum xolesterinsiz, salomatlikka foydali hisoblanadi. Shuningdek tuxum bo‘shatilib, undan turli tuman suvenirlar ham yasash mumkin. Po‘stlog‘i tabiiy kalsiyga boyligi uchun tibbiy maqsadlarda ishlatiladi.
- Tuyaqushlar 70 yoshgacha yashaydi. 45 yoshgacha yaxshi nasl beradi. O‘zbekistonning quruq va suvi tanqis, boshqa sohalarda foydalanish imkoniyati cheklangan hududlarida boqib foydalanish uchun juda qulay.
Eng qiziq joyi — daromadi qanaqa?
- Tuyaqushning endi tuxumdan chiqqan jo‘jasi 1,5-2 million so‘m turadi. 1 oylik jo‘jalari 2,5 million so‘mgacha sotiladi. 10 oyligida o‘zi katta tuyaqushlardek bo‘lib qoladi. Yirik tuyaqushlarni 24 million so‘mgacha sotish mumkin.
- Nega buncha qimmat deya so‘raguvchilarga bir qiyoslash — bitta sigir olib boqilsa, bir yilda bitta buzoq tug‘adi. O‘sha buqacha bir yilda 2 tonna atrofida yemish yeb, 150-200 kilogacha vazn to‘plashi mumkin. Bitta yirik tuyaqush bir yilda 80 tagacha tuxum tug‘adi. Shuning 40 tasidan jo‘ja olishga erishilsa, o‘n oylik tuyaqushlar 70-80 kilogramm vazn to‘play oladi. Ana farq!
- Terisi pishiqligi va egiluvchanligi bo‘yicha timsoh terisidan keyin turadi. Xitoyda ishlov berib tayyorlangan terisidan tikilgan tuflilar 400 AQSh dollari atrofida sotiladi.
- Biror mahsuloti chiqitga chiqmaydi. Kiprigidan ayollar uchun ulama kipriklar yasaladi, patidan karnaval liboslari yoki turli kiyimlar tayyorlanadi. Tuxumi diabetiklarga ham mumkin.
Kim yetakchi?
- Tuyaqushchilik sohasida yetakchilikni Xitoy egallagan. Yevropada Ukraina birinchilikda.
- O‘zbekistonning ham salohiyati ulkan. Bizning fermerlar yetishtirgan mahsulot tabiiyligi uchun Xitoynikidan yuqori baholanadi.
- Hozir Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona kabi viloyatlarda tuyaqushchilik jadal rivojlanmoqda.
Qolgan savollarga videolavhamizni tomosha qilib javob olishingiz mumkin.
Abror Zohidov, Farrux Aliyev,
«Xabar.uz» muxbirlari
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter