Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Narx-navoning oshayotganiga «xotirjam qaragan» hokimlar tanqid qilindi

Narx-navoning oshayotganiga «xotirjam qaragan» hokimlar tanqid qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan 2023-yilda inflyasiya 9 foizdan pasaygani, lekin ko‘plab masalalar narx-navo oshib, odamlar norozi bo‘lganidan so‘ng, «qo‘l boshqaruvi» bilan hal bo‘layotganini tanqid qildi.

«Masalan, narx qimmatlagani uchun 61 turdagi iste’mol mahsulotlariga nisbatan bojxona bojlari bekor qilindi.

Lekin, joylardagi iqtisod bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari, viloyat va tumanlardagi iqtisodiyot bo‘limlari rahbarlari ushbu mahsulotlarni o‘zimizda ko‘paytirish orqali inflyasiyani jilovlashni o‘ylamayapti», – deydi Prezident.

Jumladan, Farg‘ona, Jomboy, Elliqqal’a, Parkent tumanlari va Yangiyo‘l shahrida mol go‘shti, Konimex, Oltinko‘l, Bo‘ston tumanlari va Zarafshon shahrida tuxum narxi oshganiga ushbu hududlar rahbarlari xotirjam qarab o‘tirgani qayd etildi.

Bosh vazirga ushbu tuman-shahar hokimlari va sektor rahbarlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.

«Mutasaddilarga o‘tgan yil boshida benzin bo‘yicha yetarli zaxira qilish topshirig‘i berilgan. Narx oshmasligi uchun benzin bir yil davomida aksiz solig‘idan ham ozod qilingan edi. Shunga qaramay, benzin o‘tgan yil davomida o‘rtacha 19 foizga qimmatladi. Bu – transport xarajatlari qimmatlashib, ishlab chiqarish va eksportda tannarx oshdi, degani. 

Takror va takror aytaman. Inflyasiya – aholi va biznes daromadlari uchun soliq. Uni jilovlamasak, kambag‘allik kamaymaydi, iqtisodiy o‘sish bo‘lmaydi», – dedi davlat rahbarii.

Kelgusi yilda butun dunyoda oziq-ovqat narxlari oshishi ehtimoli yuqori. Mahsulotlar inflyasiyasini faqat oziq-ovqatni ko‘paytirish orqali jilovlash mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Endilikda har yili mahsulotlarni ko‘paytirish bo‘yicha maxsus hukumat qarori qabul qilinadi. Har bir tarmoq vaziriga narx barqarorligini ta’minlash bo‘yicha KPI belgilanadi. Har haftada Hukumat yig‘ilishidagi birinchi masala inflyasiyani jilovlashga bag‘ishlanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring