Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muhiddin Jo‘rayev Farg‘onada jinoyatchilikka qarshi kurashish o‘rniga raqamlarni sun’iy kamaytirib kelgan

Muhiddin Jo‘rayev Farg‘onada jinoyatchilikka qarshi kurashish o‘rniga raqamlarni sun’iy kamaytirib kelgan

Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tayotgan Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida yana qator masalalar ko‘tarildi.

Jumladan, davlat rahbari, viloyat IIB boshlig‘ini nega ishdan olgani haqida to‘xtaldi.

«Ushbu yig‘ilish bejizga Farg‘onada o‘tkazilmayapti. Chunki bugun barcha yo‘nalishlar bo‘yicha eng ko‘p tilga olingan hudud bu Farg‘ona bo‘layapti.

Sababi, viloyatdagi kriminogen vaziyat achinarli holda. M.Jo‘rayev esa shu paytgacha jinoyatchilikka qarshi kurashish o‘rniga statistikani sun’iy kamaytirish bilan shug‘ullanib kelgan. Viloyatda jinoyatlarni ro‘yxatga olmaslik orqali ularni yashirish oddiy holga aylanib qolgan», – deydi Prezident.

Shuningdek, yig‘ilishda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha o‘ziga yuklatilgan vazifalarga sovuqqonligi, korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ygani va mansab vakolatidan shaxsiy manfaatlarida foydalanib kelganligi uchun Qo‘qon shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va uning birinchi o‘rinbosari, Qo‘qon shahar ichki ishlar jamoat tartibini saqlash bo‘limi komandiri o‘rinbosari, O‘zbekiston tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimidan ozod qilindi.

Bundan tashqari, viloyat prokurorining ichki xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi, viloyat prokuraturasi iqtisodiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i, viloyat prokurorining voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha yordamchisi, Rishton tumani prokurori ishdan olindi.

Bosh prokuratura va Davlat xavfsizlik xizmatiga ularning faoliyatiga qonuniy baho berib, tergov harakatlarini boshlash topshirildi.

Shuningdek, qo‘l ostidagi xodimlari hamda ichki ishlar idoralarida qonun ijrosi ustidan nazoratni susaytirib yuborgani uchun Farg‘ona viloyati prokurori B.Ismoilovga hayfsan berildi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring