Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Migratsiya agentligi Rossiya tomonining iddaolarini rad qildi

Migratsiya agentligi Rossiya tomonining iddaolarini rad qildi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi so‘nggi kunlarda qator ommaviy axborot vositalarida tarqalayotgan Rossiyaga ishlash maqsadida ketayotgan mehnat migrantlari soni oxirgi 7 yilda 4 barobarga oshgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Agentlikka ko‘ra, mehnat migratsiyasi, ayniqsa Rossiya Federatsiyasiga ishlash maqsadida boruvchilar oqimi ish mavsumiga ko‘ra tez o‘zgaruvchan hisoblanadi. 

O‘zbekistonlik mehnat migrantlarining asosiy qismi Rossiya Federatsiyasi hissasiga to‘g‘ri kelsada, ammo xabarlarda ta’kidlanayotgandek so‘nggi 7 yilda ushbu davlatga ketayotgan yurtdoshlarimiz soni 4 barobar oshmagan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonlik migrantlar soni 2016-yilda taxminan 2 million nafar bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda bu 1,5 million nafarga yaqinni tashkil etadi.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda mehnat migratsiyasi geografiyasi ham kengaygan. Ya’ni xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni dunyoning rivojlangan davlatlariga manzilli ishlarga jalb qilish bo‘yicha qator natijalarga erishilmoqda.

Jumladan, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlarida qurilish, ishlab chiqarish, tibbiyot va xizmat ko‘rsatish sohalarining turli yo‘nalishlarida ishchilarga talab yuqori va bugungi kunda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va 33 ta davlatning 500 ga yaqin ish beruvchi tashkilotlari o‘rtasida kelishuvlar mavjud.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 28-aprel kuni Rossiyaning iqtisodiy taraqqiyot vaziri Maksim Reshetnikov Toshkentda o‘tayotgan xalqaro investitsiyalar forumida Rossiyaga ishlash uchun borgan O‘zbekistonliklarning soni oxirgi 7 yilda 4 barobarga oshganini iddao qilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring