Bolalar ombudsmaniga mansabdor shaxslarga ogohlantirish va taqdimnomalar kiritish huquqi berilmoqda
Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda. Hujjatda parlament majlislarida Bolalar ombudsmani ma’ruzasi har yili eshitilishi ko‘zda tutilmoqda, deb xabar beradi Oliy Majlis quyi palatasi matbuot xizmati.
Bolalar ombudsmaniga mansabdor shaxslarga qonunchilik buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirish va taqdimnomalar kiritish huquqi berilmoqda. Bunday huquq Bolalar ombudsmani faoliyati ta’sirchanligini oshiradi. Bu bola manfaatlarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan har qanday mansabdorga tegishli chora ko‘rilishiga erishish imkonini yaratadi.
Bolalar ombudsmanining Oliy Majlis, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Vazirlar Mahkamasi majlislarida ishtirok etish va masalalar kiritish huquqi mustahkamlanmoqda. Mazkur huquq orqali Bolalar ombudsmani parlamentda, ijro organlarida va sudlarda bola huquqlarini maxsus himoya qiladi, mazkur organlar e’tiborini aynan bola manfaati ustunligiga qaratadi.
Loyihaga ko‘ra surishtiruv, tergov organlari va sud voyaga yetmaganlarning hayoti, sog‘lig‘i yoki jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlarga oid qabul qilgan qaror, hukm (ajrim)lari to‘g‘risida Bolalar ombudsmanini yozma ravishda xabardor qilishi shart. Bunday xabardorlik natijasida bolalarga qarshi jinoyat faktlari yashirilishi, bunday ishlarning qonunga zid ravishda tugatilishi, tergov qilinmasligi yoki sudda ko‘rilmasligi oldi olinadi.
Shu bilan birga, qonun bilan Bolalar ombudsmaniga:
– voyaga yetmagan shaxs ishtirok etgan jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish va ulardan ko‘chirma nusxalar olish;
–bolaning buzilgan huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish hamda tiklash maqsadida sud jarayonlarida ishtirok etish;
–hukm bilan tanishib, bola manfaatidan kelib chiqib, prokuraturaga hukm ustidan protest bildirish haqida murojaat qilish kabi huquqlar berilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter