Maktablarda til bo‘yicha sertifikati bo‘lmagan o‘qituvchilarga dars berilmayaptimi?
Savol: II toifali nemis tili o‘qituvchisiman. Rahbarimiz til bilish darajasini belgilovchi xalqaro sertifikatim bo‘lmasa, dars bermasligini aytdi. Bu qanchalik to‘g‘ri?
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-sonli qarori 9-bandiga ko‘ra, 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab, davlat ta’lim muassasalarining xorijiy tillar o‘qituvchilari lavozimlariga ishga yangi qabul qilinayotgan talabgor kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi belgilandi.
Keyinchalik, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-oktyabrdagi 07/1-1287-son topshirig‘i asosida umumta’lim maktablarida xorijiy tillarni o‘qitish jarayonini davomiyligini ta’minlash maqsadida 2022-2023-o‘quv yili uchun istisno tariqasida bu sertifikat talab etilmagan va mazkur talab 2023-2024-o‘quv yilidan boshlab kuchga kirishi belgilandi.
Ya’ni, bu yildan boshlab faqatgina yangi ishga kirayotgan xorijiy tillar o‘qituvchilaridan B2 darajadagi sertifikat talab etiladi.
E’tibor bering, bu tartib hozirgi kunda maktablarda ishlab kelayotgan xorijiy tillar o‘qituvchilariga tegishli emas.
2024-2025-o‘quv yiliga qadar esa maktablarda faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi qo‘yiladi.
Ya’ni, amalda ishlab kelayotgan nemis tili fani o‘qituvchisidan hozir sertifikat talab qilish noto‘g‘ri. Bu yil o‘qituvchining ikkinchi malaka toifasiga munosib ravishda darc berib tursa bo‘laveradi.
Savol: men ikkita maktabda o‘rindoshlik asosida ishlab tug‘uruq ta’tiliga chiqqanman. Ta’tildan so‘ng har ikki maktab direktorlari menga shartnoma 1 yilga tuzilgani va mening ishdan bo‘shatilganim haqida aytishyapti. Shu to‘g‘rimi?
Mehnat kodeksining 113-moddasiga ko‘ra, o‘rindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar bilan xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin. MK 158-moddasiga ko‘ra, muddatli mehnat shartnomasi uning amal qilish muddati tugashi bilan bekor qilinadi. Mehnat shartnomasini uning amal qilish muddati tugaganligi munosabati bilan bekor qilish to‘g‘risida yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni ushbu asos bo‘yicha tugatishga qaror qilgan taraf boshqa tarafni mehnat shartnomasi bekor qilinguniga qadar kamida uch kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirishi kerak, bundan ish joyi (lavozimi) saqlanayotgan xodim yo‘q bo‘lgan davrga tuzilgan muddatli mehnat shartnomasining amal qilish muddati tugaydigan hollar mustasno.
Demak, yuqoridagilardan xulosa qilsak, o‘rindoshlik asosida ishga olinganligingiz uchun Siz bilan muddatli mehnat shartnomasi to‘g‘ri tuzilgan hamda ish beruvchi Sizni kamida uch kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirib shartnomani bekor qilishi mumkin. Agar ish joyi (lavozimi) saqlanayotgan xodimning, masalan «dekret»dagi xodimning o‘rniga olingan bo‘lsangiz, u holda ogohlantirish shart emas.
Savol: tarbiyasida voyaga yetmagan farzandi bo‘lgan xodim muntazam ravishda bir oy ishga chiqmagan taqdirda u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi qay tartibda bekor qilinadi?
Xodimning ishga kelmayotganligi sabablarini aniqlash ish beruvchining majburiyatidir, bu MK 313-moddasi talablaridan kelib chiqadi: intizomiy jazo qo‘llanilishidan avval xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qilinishi lozim. Intizomiy jazoni qo‘llanishda sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakatning qay darajada og‘ir ekanligi, shu xatti-harakat sodir etilgan vaziyat, xodimning oldingi ishi va xulq-atvori hisobga olinadi. Ya’ni, xodimning ishga chiqmasligi sababi uzrlimi yo‘qmi, aniqlashtirilishi lozim. Bunda har qanday holda MK 200-moddasiga ko‘ra ish vaqti tabelida xodimning ishga kelmaganligi belgilab qo‘yiladi.
Xodimning 12 yoshga to‘lmagan hattoki 3 yoshga to‘lmagan bolasi borligi ham mehnat shartnomasini bekor qilishga to‘siq bo‘la olmaydi. Agar bu toifa xodimlar mehnat intizomini buzsa mehnat qonunchiligiga qat’iy rioya qilgan holda MK 161-moddasi ikkinchi qismining 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha mehnat shartnomasini bekor qilishga yo‘l qo‘yiladi. Diqqat! Agar xodim homilador bo‘lsa, MK 161-moddasi ikkinchi qismining 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha mehnat shartnomasini bekor qilib bo‘lmaydi. Chunki MK 408-moddasiga ko‘ra, homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati tugatilgan hollar mustasno.
Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan.
Izoh: mehnat huquqiga oid savollaringizni @xabargayoz_bot ’ga jo‘natishingiz mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter