Maktablarda arab tili xorijiy til sifatida o‘qitilishi mumkin

O‘zbekiston maktablarida arab tili xorijiy til sifatida o‘qitilishi mumkin. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ishtirok etayotgan Londondagi forumda, Liviya mamlakati oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot vaziri Doktor Omran Muhammad al Giyib bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda gap borgan.
Vazirlik bergan xabarga ko‘ra, taklif Liviya tomonidan berilgan bo‘lib, ular O‘zbekiston umumiy o‘rta ta’lim tizimida arab tilini xorijiy til sifatida o‘qitish yo‘nalishida hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, ushbu hamkorlik doirasida Liviya tomonidan arab tilida dars beruvchi o‘qituvchilar uchun Liviya oliy ta’lim muassasalarida magistr va ilmiy tadqiqot (PhD) ta’limi uchun ta’lim grantlari ajratilishi taklifi ham o‘rtaga tashlangan.
O‘zbekiston tomoni mazkur xabarni tarqatish bilan birga vazir Umarovaning bu takliflarga munosabatini ochiqlamagan.
O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, hindistonlik hamkasblari bilan ingliz tili va informatika yo‘nalishlaridagi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga «ustoz-shogird» modeli asosida amaliyotga va ta’lim jarayoniga jalb etish masalasi muhokama qilgan. Assam shtati federal ta’lim vaziri Doktor Ranoj ushbu masalada Britaniya Kengashining Hindiston vakolatxonasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston tomoniga amaliy yordam berishga roziligini bildirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter