Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Lacetti» narxiga uning qora rangli ekanligi eng ko‘p ta’sir etishi aniqlandi

«Lacetti» narxiga uning qora rangli ekanligi eng ko‘p ta’sir etishi aniqlandi

2024-yilning iyul-sentyabr oylarida avtomobil narxlari tahlil etildi.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, avgust oyida avtomobillar narxi iyul oyidagiga nisbatan oshgan bo‘lsada, sentyabr oyida narxlarda pasayish kuzatildi.

Jumladan, joriy yilning sentyabr oyida o‘rtacha va ko‘p foydalanilgan ommabop avtomobillar narxi sezilarli darajada pasaygan bo‘lsa, kam foydalanilgan avtomobillar narxida sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi. Xususan, avgust oyida kam foydalanilgan «Lacetti» avtomobilining ikkilamchi bozordagi narxi 4,5 foizga, o‘rtacha foydalanilgani 6,0 foizga va ko‘p foydalanilgani 5,4 foizga oshdi.

Sentyabr oyida esa o‘rtacha va ko‘p foydalanilgan «Lacetti» narxlari avgust oyidagiga nisbatan mos ravishda 2,1 va 2,8 foizga hamda kam foydalanilgan «Lacetti» narxlari 0,8 foizga pasaydi.

Mahalliy ommabop avtomobil uchun sentyabr oyida taklif qilingan o‘rtacha narxlar quyidagilarni tashkil qildi:

  • «Lacetti»: kam foydalanilgan - 15 091 AQSh dollari (avgust oyida – 15210 dollar), o‘rtacha foydalanilgan - 14 341 AQSh dollari (14 649 dollar), ko‘p foydalanilgan - 13 044 AQSh dollari (13 420 dollar);
  • «Cobalt»: kam foydalanilgan - 13 040 AQSh dollari (avgust oyida – 13 189 dollar), o‘rtacha foydalanilgan - 12 301 AQSh dollari (12 769 dollar), ko‘p foydalanilgan - 11 488 AQSh dollari (11 904 dollar);
  • «Spark»: o‘rtacha foydalanilgan - 10 078 AQSh dollari (avgust oyida – 10 390 AQSh dollari), ko‘p foydalanilgan - 8 818 AQSh dollari (9 149 dollar).

Avgust oyida kam foydalanilgan «Malibu» uchun taklif etilgan o‘rtacha narx iyul oyidagiga nisbatan 2,8 foiz, o‘rtacha foydalanilganlari uchun 3,8 foiz, ko‘p foydalanilganlari uchun 2,0 foiz oshgan bo‘lsa, sentyabr oyida kam foydalanilgan «Malibu» uchun taklif etilgan o‘rtacha narx avgust oyidagiga nisbatan 2,8 foiz, o‘rtacha foydalanilganlar uchun 1,5 foiz, ko‘p foydalanilganlar uchun 0,4 foiz pasaydi.

Mahalliy lyuks avtomobillar uchun sentyabr oyida taklif qilingan o‘rtacha narxlar quyidagicha:

  • «Malibu»: kam foydalanilgan - 29 390 AQSh dollari (avgust oyida – 30 252 dollar), o‘rtacha foydalanilgan - 28 703 AQSh dollari (29 154 dollar), ko‘p foydalanilgan - 24 401 AQSh dollari (24 506 dollar);
  • «Tracker»: kam foydalanilgan - 18 500 AQSh dollari (avgust oyida – 19 284 dollar), o‘rtacha foydalanilgan - 17 738 AQSh dollari (18 723 dollar), ko‘p foydalanilgan - 16 647 AQSh dollari (16 956 dollar).

Shu bilan birga, oq rangli «Lacetti» va «Cobalt»ning bosib o‘tgan masofasi ularning narxlariga yuqori darajada ta’sir etgan bo‘lsa, «Damas»ning ishlab chiqarilgan yili narxni belgilashda asosiy omil bo‘ldi.

Shuningdek, «Lacetti» narxiga uning qora rangli ekanligi eng ko‘p ta’sir etishi aniqlandi.

Ma’lumot uchun, avtomobillar bosib o‘tgan masofasi hamda ishlab chiqarilgan yiliga ko‘ra quyidagi guruhlarga ajratib olingan:

  • 2023-2024 yillarda ishlab chiqarilgan hamda bosib o‘tgan masofasi 20 000 km. gacha bo‘lgan avtomobillar –«Kam foydalanilgan»;
  • 2023-2024 yillarda ishlab chiqarilgan hamda bosib o‘tgan masofasi 20 000 km. dan 50 000 km. gacha bo‘lgan avtomobillar, shuningdek, 2021-2022 yillarda ishlab chiqarilgan hamda bosib o‘tgan masofasi 40 000 km. gacha bo‘lgan avtomobillar – «O‘rtacha foydalanilgan»;
  • 2023-2024 yillarda ishlab chiqarilgan va bosib o‘tgan masofasi 50 000 km. dan ko‘p bo‘lgan avtomobillar, 2021-2022 yillarda ishlab chiqarilgan hamda 40 000 km. dan ortiq masofani bosib o‘tgan avtomobillar hamda 2020 yilda ishlab chiqarilgan barcha avtomobillar – «Ko‘p foydalanilgan».
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring