«Kvartplata» to‘lamaganlar ham elektr ta’minotidan uzilyaptimi? – mutaxassis izohi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Endi kvartplata (uy-joy kommunal xizmatlari uchun to‘lovlar)ni to‘lamaganlar elektr energiyasidan uziladi» mazmunida tarqalayotgan axborot huquqiy asosga ega emas, deb hisoblaymiz.
Prezidentning 2023-yil 15-avgustdagi PQ-278-son «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan Uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida ko‘p kvartirali uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil qilish yuzasidan «Yo‘l xaritasi»ning 2-bandida 2023-yil 1-oktyabrga qadar Navoiy shahrida eksperiment tariqasida ko‘p kvartirali uyning umumiy mol-mulkini saqlash, undan foydalanish va uni ta’mirlash hamda ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish uchun majburiy badallar va to‘lovlardan qarzdorligi mavjud mulkdorlarni elektr tarmoqlaridan o‘chirish tartibini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga yuklatilgan edi.
Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi (lex.uz)dan 2024-yil 3-mayga qadar e’lon qilingan normativ-huquqiy hujjatlar ichida yuqoridagi topshiriq ijrosi bo‘yicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat mavjud emas.
Agar ushbu topshiriqqa muvofiq hujjat qabul qilingan taqdirda ham, bu faqat Navoiy shahrida eksperiment tariqasida joriy etilishi kerak.
Ya’ni tarqalgan axborotdagi «...bu tartib Navoiyda allaqachon joriy qilingan» deyilishi ham huquqiy asosga ega emas.
Shuningdek, Prezidentning 2024-yil 4-yanvardagi PF-5-son Farmonida chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorligi bo‘lgan iste’molchilarni ham elektr energiyadan uzish emas, balki qarzdorlik vujudga kelganligi to‘g‘risida oldindan elektron to‘lov tizimlari orqali ogohlantirilgan, chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etmaguniga qadar ularning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyotini quyidagi bosqichlarga muvofiq joriy etish belgilangan:
- 1-bosqichda — Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida 2024-yil 1-iyundan boshlab chiqindi xizmatlari bo‘yicha 6 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun;
- 2-bosqichda — respublikaning barcha hududlarida 2024-yil 1-noyabrdan boshlab chiqindi xizmatlari bo‘yicha 3 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun;
- 3-bosqichda — respublikaning barcha hududlarida 2025-yil 1-yanvardan boshlab chiqindi xizmatlari bo‘yicha 1 oylik qarzdorlik uchun.
Qolaversa, ushbu tartiblarni butun respublikaga joriy etish «Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi va «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunlariga tegishli o‘zgartirish kiritishni talab etadi.
Ushbu masalasa yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligidan rasmiy munosabat kutib qolamiz.
Muhammadamin Karimjonov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Mehnat huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter