«Ko‘tarma puli» kimlarga beriladi?
Mehnat kodeksining 289-moddasiga (Xodim boshqa joydagi ishga ko‘chib o‘tayotganda kompensatsiya to‘lovlari) ko‘ra, ish beruvchi bilan oldindan kelishuv bo‘yicha boshqa joyga ishga ko‘chib o‘tgan xodimlarga, shuningdek, taqsimot bo‘yicha yashash joylaridan tashqarida ish joyi berilgan ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilariga kompensatsiya to‘lovi qilinadi.
Ularga yangi ish joyi bo‘yicha bir oylik tarif stavkasi (maosh) miqdorida bir martalik nafaqa (ko‘tarma pul), shuningdek xodim bilan birga ko‘chib o‘tayotgan har bir oila a’zosiga ko‘chib o‘tayotgan xodim tarif stavkasining (maoshning) uchdan bir qismi (ushbu oila a’zolari xodimga alohida uy-joy berilgan kundan e’tiboran 12 oy ichida ko‘chib o‘tsa) to‘lanadi.
Agar xodim boshqa joydagi ishga kelmasa, xuddi shuningdek mehnat shartnomasida belgilangan muddatlarda uzrli sababsiz ishga kirishmasa, shuningdek, agar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi uning tashabbusi bilan yoki ish beruvchining tashabbusi bilan xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bog‘liq asoslarga ko‘ra bekor qilingan bo‘lsa, xodim (bitiruvchi) olingan mablag‘ni qaytarib berishi shart.
Agar xodim uzrli sababga ko‘ra (ishning davom etishiga to‘sqinlik qiladigan kasallik, ish joyi joylashgan hududdan tashqarida istiqomat qiluvchi o‘z qaramog‘idagi shaxslarga g‘amxo‘rlik qilish zarurati va boshqalar) ish boshlamagan bo‘lsa yoki ish boshlagan kunidan e’tiboran bir yil o‘tguniga qadar mehnat shartnomasini bekor qilsa, olingan mablag‘larni ish beruvchiga qaytarishi kerak, bundan yo‘lkira qiymati mustasno.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter