Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Konstitutsiyaviy sud ayrim jarimalar mutanosibligini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi

Konstitutsiyaviy sud ayrim jarimalar mutanosibligini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi

5 dekabr, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi majlisida mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborotni ko‘rib chiqdi.

Unda, jumladan, aholi murojaatlarida ko‘tarilgan konstitutsiyaviy huquqlarni ta’minlash bilan bog‘liq quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Konstitutsiyaviy sud har qanday huquqiy ta’sir chorasi asoslangan, adolatli, zarur va o‘z maqsadiga erishish uchun yetarli hajmda bo‘lishi va fuqarolarning huquq va erkinliklarini asossiz, ya’ni ta’sir chorasi maqsadiga erishish mumkin bo‘lgan me’yordan ortiqcha darajada cheklamasligi lozimligini qayd etdi.

Shu munosabat bilan huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda mutanosiblik, yetarlilik konstitutsiyaviy prinsiplariga rioya etishni ta’minlash maqsadida ayrim jinoiy va ma’muriy jazo choralarini, moliyaviy sanksiyalar, neustoyka (penya, jarima) hamda boshqa huquqiy ta’sir choralarini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Shu bilan birga sudlarning muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida Oliy sud orqali Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish vakolatini amalga oshirish tartibini aniqlashtirish tavsiya etildi.

Konstitutsiyaviy sud viloyat, tuman (shahar) sudyalarining tegishli xalq deputatlari Kengashlari oldida axborot berish amaliyoti sudyaning mustaqilligi va xolisligiga rahna solishi mumkinligini inobatga olib, vakolatli davlat organlarini ushbu tartibni bekor qilishga chaqirdi.

Aholi takliflaridan kelib chiqib, alohida jinoyatlar, birinchi navbatda firibgarlik bo‘yicha jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishda sudlanuvchi tomonidan jabrlanuvchiga yetkazilgan zararning qoplanilganligini inobatga olish talabini kiritish orqali jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Shuningdek, dastlabki konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirish tartibini aniqlashtirish, sud qayta tashkil etilganda yoki tugatilganda sudya o‘z lavozimini saqlab qolishi kafolatlarini amalga oshirish mexanizmini qonunlarda belgilash, normativ-huquqiy hujjatlarga sharh berish uslubiyotini ishlab chiqish kabi masalalar bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga tavsiyalar berildi.

Konstitutsiyaviy sud o‘z axborotida barcha davlat organlarini Asosiy qonunni amalga oshirish va mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlashda mas’uliyatni to‘laqonli his qilishga, o‘z faoliyatida Konstitutsiyada kafolatlangan huquq va erkinliklarning cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka, ularni buzishning har qanday holatlari bo‘yicha tezkor va qat’iy choralarni ko‘rib borishga chaqirdi. 

Ma’lumot uchun, majlisda Oliy Majlis palatalari, Hukumat, Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, nodavlat notijorat tashkilotlari, ta’lim va ilmiy tashkilotlar vakillari hamda Konstitutsiyaviy sud Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari qatnashgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring