Kashta sabab topilgan baxt yoxud dushmanlari ko‘p, tazyiqda bo‘lgan ijodkorning hayoti haqida
Bu galgi suhbatdoshimiz adabiyotning yumor, hajv yo‘nalishlaridan tashqari, san’at sohasida ham o‘ziga xos mavqega ega, o‘zbek matbuotining otaxon jurnali «Mushtum»ning bir vaqtlardagi bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ashurali Jo‘rayevning rafiqasi Nazira opa Jo‘rayeva bo‘ldi. Qalamkash adib «Yurak bo‘ronlari», «O‘q uzgan kim?», «Senga ko‘ngil bersam», «Dil gavhari», «Tanimading-a?», «Konvert odam» kabi o‘nlab nasriy asarlar muallifi sifatida ham tanilgan. Nazira opa esa tish shifokori bo‘lib, turmush o‘rtog‘ining o‘ziga xos fazilatlari, birgalikda kechayotgan umr yo‘llari, hayotiy tajribasi haqida qiziqarli ma’lumotlarni so‘zlab berdi.
Antiqa o‘xshashlik
– Nazira opa, siz orzu qilgulik xonadon sohibasisiz: hayotingiz farovon, oilangiz tinch. Umr esa tezoqar daryo misoli shiddat bilan o‘tib bormoqda. Bir paytlar qishloqning chang ko‘chalarida jamalak taqib, yugurib yurgan qizaloq ulug‘lik yoshida shunday oilasi bo‘lishini orzu qilganmi?
– Xudoyimga, yetkazgan kunlariga shukur. Men oilada 10 nafar farzandning to‘ng‘ichi, bobolarim va buvilarimning sevikli nabirasi, ota-onamning erkatoy qizi bo‘lganman. Qalbida sirli, sehrli dunyosi, orzu-havaslari bilan yashaydigan, maktabda o‘qiyotganidayoq hamshira bo‘lish orzusidagi qiz edim. Bundan tashqari, o‘zimgagina ayon qiziqishlarim bor edi, tikish-bichish, ayniqsa, kashta, yo‘rma tikishga juda qiziqqanman. 3-4-sinfda o‘qib yurganimda tikkan kashtalarim qo‘ni-qo‘shnilar va sinfdoshlarimning nazariga tushgan. Birinchi o‘qituvchim Norbibi Ahmedovaning ilk kashtalarimni tengdoshlarimga namuna qilib ko‘rsatgani hanuz ko‘z o‘ngimda turibdi, eslasam, o‘sha paytdagidek quvonaman. To‘ng‘ich farzand bo‘lganim sababli oiladagi mas’uliyatni his qilardim.
Bir kuni qishlog‘imizda to‘ydagi davrada o‘tirgan oqsoqollardan biri otamga: «Usta Halim, eshitishimizcha, qizingiz chiroyli kashtalar tikayotgan ekan. Endi usta duradgorning qizi ham hunarmand bo‘lsa yaxshi-da, omadini bersin, baxtli bo‘lsin», deb duo qilgan ekanlar. Tasodifni qarangki, o‘sha davrada to‘yga bobosi bilan mehmon bo‘lib kelgan, bo‘lajak turmush o‘rtog‘im Ashurali Jo‘rayev ham bor ekanu, men uning e’tiborini tortgan ekanman. Nazarimda baxtimizni topishga o‘sha kashta sabab bo‘lgan.
– Demak, u kishi bilan bir qishloqning farzandlari ekansizlar-da?
– Hatto sinfdoshmiz ham. Qiziq o‘xshashlik bor. U kishi ham 10 nafar farzandning to‘ng‘ichi bo‘lganlar. 4-sinfdan bizga qo‘shilgan. Bolaligidan tirishqoq, quvnoq, a’lochi, hamma bilan til topisha oladigan faol o‘quvchi edi. O‘sha paytlardan unda adabiyotga qiziqish yuqori edi. Maktabdagi tadbirlarda faol ishtirok etardi. Ilk mashqlari maktab devoriy gazetasida e’lon qilingan. Adabiyot muallimimiz, rahmatli Ahmad Ochilov uning yozganlarini bizga o‘qib berib maqtardilar. 7-8-sinfda uning ilk maqolalari Navoiy tumanining o‘sha paytdagi »Kommunizm uchun» (hozirgi nomi «Karmana ovozi») gazetasida chop etila boshlandi. Nokamtarlik bo‘lsa ham aytay: aksariyat maqolalarida mening ham ism-familiyam bo‘lardi. Goh «ilg‘or terimchilar», goh «a’lochi o‘quvchilar» qatori qalamga olinardim.
Shu o‘rinda yana bir gap: Ashurali Jo‘rayev onasi betobligi sababli olti oylik chaqaloqligidan toki o‘n besh yoshigacha bobosi mulla Jo‘ra va Turdigul buvisining qo‘lida tarbiyalangan. Bobolari Buxoro madrasasida ta’lim olgan bilimdon inson bo‘lgan. U kishi doim «Men bobom va buvimning tarbiya akademiyasini tamomlaganman», deb faxrlanib yuradilar. Shu bois tarbiyaga juda jiddiy e’tibor beradilar. Insonning mohiyati, asliyati tarbiyada namoyon bo‘ladi, deb hisoblaydilar va faxr bilan: «Erishgan barcha yutuqlarim bobom va buvimning tarbiyasi tufayli», deydilar.
Kalamush barmog‘ini g‘ajigan go‘dak
– Nazira opa, Karmana tumanining Jaloyir qishlog‘idan Toshkentga ko‘chib kelishlaringizga nima sabab bo‘lgan? Turmush o‘rtog‘ingiz «Tashselmash» zavodida chilangar, bilim yurtining kechki bo‘limida tarbiyachi, o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritgan ekanlar, to‘g‘rimi?
– Talabalik yillarida, ya’ni 1975 yilda kamtarona to‘yimiz bo‘lgan. Ikkalamizning ham talabaligimiz hisobga olinganmi yoki sharoit shundaymidi, ishqilib, kichik va oddiygina o‘tgan. O‘sha paytlarda bu kishi Toshkent Davlat madaniyat (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat) institutida, men esa Toshkent davlat meditsina institutida (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi)da o‘qirdik. Ham o‘qib, ham ishlaganmiz. Tahsilni bitirganimizdan so‘ng turmush o‘rtog‘im Toshkentda qolib, ijod qilishni xohladilar. Yosh oila bo‘lganimiz, hech kimdan moddiy yordam olmaganimiz sababli iqtisodiy qiyinchiliklar boshdan o‘tgan, albatta.
Baxtli yoki ibratli oila hech qachon o‘z-o‘zidan barpo bo‘lmaydi. O‘sha paytlarda, hatto kalamushlar iskanjasidagi «barak» tipidagi uyda ham hayotdan rozilik va ahillik bilan yashaganmiz. Ijarama-ijara qiynalib yurganimizda, bizga turmush o‘rtog‘im ishlayotgan Toshkent texnologiya bilim yurtidagi 1929 yili Sibirdan surgun qilingan quloqlar uchun qurilgan «barak»dan bir xonali uy berishganida rosa quvonganmiz. Bu «barak» Toshkent 2-un zavodining shundoq yonida edi. Ma’lumki, bug‘doy va un – kalamushlarning eng sevimli yemishi. Shu bois xonadonimizga tez-tez kalamushlar galasi hujum qilib turardi. Ular kechasi polni g‘ajib, teshib chiqar, ba’zida o‘zimizga ham hujum qilib qolardi. Bir gal yarim tunda 1 yoshu 3 oylik farzandimizning chinqirab yig‘lashidan uyg‘onib ketdik. Chiroqni yoqib qarasak, ne ko‘z bilan ko‘raylikki, uning to‘shaklari qon, barmog‘ini kalamush g‘ajiyotgan ekan. Bolaginamni 30 kun shifoxonaga qatnab davolatganmiz.
Bunday hayotiy voqealar hikoyaga aylanib, yozuvchining qator asarlarida aks etgan. Bugun mazkur voqealar yoshlar uchun ertak bo‘lib tuyuladi. Ammo bular – hayotimizda ro‘y bergan haqiqatlar. Bugun u kunlar xotiraga aylandi. Shukrki, hayotimizdan nolimaymiz. Mehr-oqibatli, ahil oilamiz bor. Turmush o‘rtog‘im barcha qarindoshlari va yaqinlarining tashvishini zimmalariga olganlar, yaxshi-yomon kunlarida hamdard bo‘ladilar. Ikkalamizning ham aka-ukalarimiz Jaloyirda yashashgani uchun 50 yildan buyon u yerdan mehr rishtalarini uzganimiz yo‘q. Har safar yo‘lga chiqqanimizda yozuvchi erim «Biz ovora, vokzal ovora, poyezd ovora», deb hazillashib qo‘yadilar. Shu o‘rinda yana e’tirof etishni istardimki, Ashurali Jo‘rayevning «Jaloyirga maktublar» hujjatli qissasi ancha mashhur bo‘lib ketgan. Jaloyirliklar bu asarni mehr bilan o‘qiganlari guvohiman.
– Nazira opa, yozuvchining ayni ijodga sho‘ng‘igan navqiron paytlari haqida suhbatlashsak. U vaqtlarda sanoqli matbuot nashrlari bo‘lib, o‘z kasbining fidoyilari ishlashgan. Bugungiday zamonaviy texnologiyalar bo‘lmagan, sharoit og‘ir edi. Ba’zida tahririyatda qolib, ertalabgacha ishlashga to‘g‘ri kelgan. Shunday paytlarda ko‘nglingizga shubha oralamaganmi? Har holda siz tish shifokorisiz, ish vaqtlaringiz aniq belgilangan, jurnalistniki esa aksincha.
– To‘g‘risini aytish kerak, barcha qatori bizning oilamizda ham ba’zida, hattoki aksar holatlarda tushunmovchilik, er-xotinning «aytishuvlari» bo‘lib turar edi. Hatto rashk ham... To‘g‘rirog‘i, men juda rashkchi edim. Bu tabiiy hol...
Vaqt o‘tib, yoshimiz ulg‘aygach, bir-birimizga ishonchimiz mustahkamlana bordi. Shu mustahkam ishonch oilamizni nurli manzillar sari olib ketmoqda. Ishonchda hikmat ko‘p ekan.
– Ijod ahlini tushunish, ijodkor bilan baxtli bo‘lish uchun unga hamkasb bo‘lish shart emas, nazarimda.
– Ha, har bir ijodkorning o‘z dunyosi, yozish uslubi bo‘ladi. Bu ijod olamiga kirib bo‘lmasa ham umr yo‘ldoshini hurmat qilgan ayol uni tushunish va bilishga intiladi. Turmush o‘rtog‘ini qiziqtirgan mavzular bilan qiziqadi, tushunchaga ega bo‘lishga harakat qiladi. Shu bilan birga o‘zi ijodkor bo‘lmasa ham uir yo‘ldoshining ijod qilishiga xalaqit bermaydi. Ya’ni, bo‘lar-bo‘lmas talablar bilan chalg‘itmaydi, boriga shukr, yo‘g‘iga sabr qiladi. Behuda so‘rovlar, tergovlar, talablar jurnalistning qalamini, hatto ruhini sindirishi mumkin. Bu aslida oddiy ayollik vazifasiga kiradi. Bularga amal qilish yoshlik chog‘ida qiyin bo‘lishi mumkin, chunki shayton vasvasa soladi, rashk uyg‘onadi. Ammo sabrning tagi sariq oltin. Hozirgi kunda aniq ayta olamanki, ijodkorning ayoli bo‘lish – men uchun baxt.
Nohaqliklar va yo‘qolgan sog‘liq
– Nazira opa, oilali ayolning jamiyat ishida faol bo‘lishi oson kechmaydi, qachonki umr yo‘ldoshi ko‘maklashmasa, to‘g‘rimi?
– U kishi bunday holatlarni har doim to‘g‘ri tushunishga harakat qilganlar. Men ishdan kech qolib, u kishi ertaroq kelib qolsalar, ba’zi erlarga o‘xshab, xotinini so‘roqqa tutib, janjal qilish o‘rniga bolalari uchun biron mazali taom tayyorlab qo‘yardilar. Ular taom tayyorlasalar, dam oladilar, ovqat qilishga ishtahasi emas, ishtiyoqlari baland. Uyda bo‘lgan paytlarida har xil mazali ovqatlar pishirib turadilar. Ayniqsa, palov, sho‘rva va dimlamani boplaydilar. Dadasining qo‘li shirin bo‘lganligi uchun bolalar, hozir esa nabiralar bobosi pishirgan ovqatlarni talashib-tortishib yeydilar. Ba’zan qizlarimiz ota uyiga mehmon bo‘lib kelganlarida ham dadasidan bolaligidagi shirin taomlardan pishirib berishlarini so‘raydi. Dadasi xursand bo‘lib, bu yumushni erinmay bajaradilar. O‘zlari bozor qilib keladilar. Mehr berib ovqat tayyorlaydilar.
– O‘zbek adabiyoti va matbuotida Ashurali Jo‘rayevning nomi nafaqat publitsist, yozuvchi sifatida tilga olinadi. «Mushtum»ga bosh muharrir bo‘lganlarida jurnal xalqning, oddiy odamlarning najot maydoniga aylangan edi. Bunga erishishning o‘zi bo‘lmagandir. Shunday emasmi?
– Maktabni tugatganimizda Ashurali Jo‘rayev Toshkentga «Men jurnalist va yozuvchi bo‘laman», degan qat’iy ahd bilan kelganlar. Bu mashaqqatli yo‘lda tinmay o‘qib, izlanib, o‘z maqsadlariga erishdilar. Ishonasizmi, u kishi Toshkentda o‘z sevgan kasbi bo‘yicha 10 yildan so‘ng ish topganlar. Matbuot sohasidagi ish faoliyatini 1983 yili «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida boshlaganlar. Bu tahririyat yosh ijodkorning tanilishida sharafli vazifani bajargan. O‘sha paytda gazeta tahririyatida ishlagan Odil Yoqubov, Ibrohim G‘afurov, Mamatqul Hazratqulov singari ustozlaridan juda minnatdor bo‘lib, nomlarini hurmat bilan tilga oladilar.
Albatta, otadek mehribon ustozlari Ne’mat Aminovning o‘rniga «Mushtum» jurnaliga bosh muharrir bo‘lib kelganlarida ishga katta mas’uliyat bilan yondashdilar. Hatto «Mushtum» jurnaliga ilova qilib «Afandi» gazetasini tashkil etdilar. Gazeta ham tez orada o‘z o‘quvchilarini topdi, kulgi muxlislariga manzur bo‘ldi. Ashurali Jo‘rayev tinmay mehnat qilar, kecha-kunduz ijoddan bosh ko‘tarmas edilar. Men tahririyat ishlarini bilmasam-da, o‘sha davrda mavjud bo‘lgan «senzura»ning faoliyatidan va nohaqliklardan asabiylashaverib, sog‘liqlarini yo‘qotganlarini yaxshi bilaman...
– Ashurali Jo‘rayev ijoddan tashqari yana nimalarga qiziqadilar?
– Oilada erkak kishi bajarishi lozim bo‘lgan ishlarning hammasi ularning zimmasida. Birinchidan, hamisha bozor-o‘charni o‘zlari qiladi. Men hafsala bilan bozor ro‘yxatini tuzaman, u kishi esa sharaf bilan ijro etadi. Bundan tashqari, ko‘p vaqtini kitob, gazeta-jurnal o‘qish va ularni tahlil qilishga sarflaydilar. O‘qiganlaridan muhim va ibratli joylarini oila davrasida ham o‘qib, tushuntirib beradilar. Yana bir sevimli mashg‘uloti o‘zbek qo‘shiqchilik san’atining mashhur hofizlari, ayniqsa, Xorazm qo‘shiq san’atini mehr bilan tinglab, rohatlanib, hordiq chiqaradilar. Xonadonimizda hamisha Komiljon Otaniyozov, Botir Zokirov, Ma’murjon Uzoqov, Habiba Oxunova, Bobomurod Hamdamov, Otajon Xudoyshukurov, Ortiq Otajonov va Rahmatjon Qurbonov kabi ulug‘ san’atkorlarning qo‘shiqlari yangrab turadi. Bu mashhur hofizlarning ayrim qo‘shiqlari farzandlarimiz va nabiralarimizga ham yod bo‘lib ketgan. Bu ham tarbiyaning bir ko‘rinishi. O‘zlari qo‘shiq eshitsam ma’naviy va ruhiy oziq olaman, deydilar.
– Ijodkor xalqining ko‘ngli nozik bo‘ladi, ba’zida bir so‘zga kayfiyati tog‘dek ko‘tariladi, ba’zida esa arzimagan gapdan dili og‘riydi. Shunday paytlarda siz qanday yo‘l tutasiz?
– Buni hayot deydilar, turmushning ham o‘ziga xos va kutilmagan katta-kichik tashvishlari bo‘ladi. Goho u kishi, gohida men «jahl oti»ni tezroq jilovlashga harakat qilamiz. Eng muhimi, tezda «sulh» tuzishga erishamiz. Bunday jarayonlar bahor yomg‘iridek tez o‘tib ketadi.
Tanqidiy maqola uchun do‘q-po‘pisa va tazyiq
– Ustoz ko‘proq nimalardan ranjiydi, ko‘ngli to‘lmaydi?
– Ijodkor odamning do‘stlari bilan birga dushmanlari, ko‘rolmaydigan kimsalar ham ko‘p bo‘lar ekan. Bunday g‘alamislar u kishining hayot va ijod yo‘lida yetarlicha uchragan. Lekin yozuvchi bundaylar bilan bahslashish, tortishuvlarga e’tibor qilmay, ijodni davom ettirganlar. U kishi hozir ham shunday. G‘iybat va mayda-chuyda mish-mishlardan yuqori. Ko‘pincha: «Men kenglik tarafdoriman, Jaloyir qishlog‘ining Zarafshon oqib o‘tadigan bepoyon Dayrovotidanman», deb hazillashib ketaveradilar. Ba’zan yaqinlari yoki shogirdlaridan ko‘ngilsiz gap eshitsalar, bir oz xafa bo‘ladilar. Lekin bu xafagarchilik uzoq cho‘zilmaydi. U kishi kechirimli inson. Har qanday ko‘ngilsizlikni tez unutib, kechirib yuboradilar. Shuningdek, o‘zgalar yutug‘idan quvonadilar. Yangi kitobi, gazeta yoki jurnalda hikoya va maqolalari chop etilsa, quvonib yuradilar. Biror bir hamkasbining yaxshi kitobini o‘qisa, sevinib, boshqalarga ham tavsiya qiladilar. Nohaqlikka chidolmaydi. Sodda va to‘g‘riso‘z kishi. To‘g‘ri gapning gadosi. Xushomad qilishni yomon ko‘radilar...
– Shu o‘rinda yana bir savol: Ashurali akaning yozgan asari yoki maqolasi qarshilikka uchragani tufayli azoblangan holatlariga guvoh bo‘lganmisiz?
– Qay birini aytay?.. Ayrim tanqidiy maqolalari chop etilganda ta’na-dashnomlar, hatto ayrim «katta» rahbarlarning do‘q-po‘pisalari, tazyiqlariga uchraganlari rost. Eh, u zamonlarni eslashniyam xohlamayman. Lekin u kishi o‘z tanlagan yo‘li va e’tiqodidan aslo voz kechmadilar, shunisi muhim! Hamon shu yo‘ldalar...
– Ustozning hayotda biron xislati, deylik soddaligi, ko‘ngil bo‘shligi tufayli pand yegan, afsuslangan, yaxshilik qilib, jabrini tortgan vaqtlari bo‘lganmi?
– Bo‘lgan. Hatto ko‘-o‘p va xo‘-o‘p bo‘lgan. Bir safar bu kishi o‘zini Toshkent shahar hokimligi xodimi, deb tanishtirgan kimsani uyimizga kiritganlar, birga o‘tirib nonushta qilishgan. «Xodim» uyning yerto‘lasini suratga olib, hokimiyatga jo‘natishim kerak, mabodo uyingizda sensorli telefon yo‘qmi, deb so‘rasa, bor, deb kelinimizning qimmatbaho telefonini olib chiqib berganlar. Soxta «xodim» qornini to‘yg‘azib, telefonni olganu g‘oyib bo‘lgan...
Bu kishining hayotida bunday hangomalar juda serob. Bir gal soxta asalfurush bu kishini ishontirib, asalini maqtab, qimmat narxga pullab ketgan. Koshki u asal bo‘lsa... Tasodifni qarang, yaqinda ko‘chada ketayotsalar, o‘sha muttaham asalfurush bu «sodda» xaridorini ko‘rib qolib, mashinasidagi besh kilo «asal»ini sotmoqchi bo‘layotganmish!.. Xayriyat, ularni nabiralardan biri tanib qolibdi. Bo‘lmasa...
– Ustoz haqiqatan ishonuvchan inson ekanlar. Bu ham ko‘ngli tozaligidan bo‘lsa kerak. Nazira opa, nimalar sizga faxr tuyg‘usini beradi?
– Men turmush o‘rtog‘im, farzandlarim, oila a’zolarim va nabiralarim bilan hamisha faxrlanaman. Ularning har bir yutug‘idan quvonaman va bundan Allohimga shukronalar aytaman. To‘rt nafar farzandimiz bor. Hammasi oilali, tinch-totuv. Katta qizimiz Nargizaxon Toshkent yuridik kollejini tamomlagan, hozir uy bekasi, o‘g‘lim Alisher huquqshunos, qizim Nodira Toshkent moliya institutini tamomlagan va ayni vaqtda shu oliygohda yoshlarga ta’lim beradi, o‘tgan yili nomzodlik ilmiy ishini yoqladi. Kichik qizimiz Nigora ham O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan, ayni paytda bola parvarishi bilan band. 13 nafar nevaramiz bor, ammo ular jurnalist, tish shifokori yoki boshqa kasb egalari bo‘lishadimi, bu hozircha noma’lum.
– Ustozning asarlarini o‘qib borsangiz kerak, albatta. Ulardan qaysi biri sizga ko‘proq manzur?
– Barcha asarlarini mutolaa qilganman. Ularning, ayniqsa, voqeani kitobxonga sodda va ravon tilda, ba’zida yumor orqali oson yetkazish uslubi menga yoqadi. «Yurak bo‘ronlari», «Senga ko‘ngil bersam», «Vijdon qo‘ng‘irog‘i», «Sahifaga sig‘magan satrlar» kitoblarini hozir ham qayta-qayta o‘qiyman...
– Serqirra ijod sohibi bo‘lgan turmush o‘rtog‘ingizga tilaklaringiz.
– Oilamizning hamda muxlislarining baxtiga doim sog‘-salomat bo‘lsinlar. U kishiga ijodiy parvoz tilayman.
Saodat MATYoQUB qizi suhbatlashdi
(«Adolat» gazetasidan)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter