Kamida 7 foiz ovoz olgan partiyaning deputatlik o‘rinlariga ega bo‘lishi belgilanyapti
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga doir Konstitutsiyaviy qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.
Qayd etilishicha, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida bir qator yangiliklar o‘z ifodasini topmoqda. Masalan, qonun loyihasida saylov o‘tmagan deb topilishi uchun 2 ta holat sanab o‘tilmoqda. Ya’ni saylovda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning o‘ttiz uch foizidan kami ishtirok etgan bo‘lsa hamda Qonunchilik palatasiga yagona saylov okrugi bo‘yicha o‘tkazilgan saylovda ishtirok etgan siyosiy partiyalarning hech biri saylovda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini to‘plamagan bo‘lsa.
Birinchi holat amaldagi Saylov kodeksida ham mavjud bo‘lib, ikkinchi holatda, ya’ni yagona saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan partiya belgilangan tartibda deputatlik o‘rinlariga ega bo‘lishi belgilanmoqda. Agar hech qaysi partiya kamida yetti foiz ovozni to‘plamagan bo‘lsa, saylov o‘tmagan, deb topilishi nazarda tutilyapti.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Firdavs Sharipovga ko‘ra, «siyosiy partiyalarning hech biri saylovda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini to‘plamagan bo‘lsa» saylov o‘tmagan deb hisoblanishi har ikki, ya’ni ham majoritar, ham proporsional saylovlarga ham taalluqli bo‘lib qolmoqda.
«Vaholanki, ushbu holat faqatgina yagona saylov okrugi bo‘yicha o‘tkaziladigan saylovlargagina aloqador, bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha o‘tkaziladigan saylovlarga esa buni aloqasi yo‘q deb hisoblayman. Ya’ni, ushbu qismni qayta tahrirlash kerak», – deydi deputat.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter