Jahon banki O‘zbekistonga qariyb 1 mlrd dollar miqdorida imtiyozli kredit beradi
Joriy yil 16-dekabr kuni Jahon banki taraqqiyot siyosatini qo‘llab-quvvatlash operatsiyasi (dunyoning turli davlatlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlovchi Bankning maxsus moliyaviy instrumenti) doirasida O‘zbekistonga moliyaviy mablag‘lar taqdim etishni ma’qulladi.
Operatsiya doirasida O‘zbekiston hukumatiga strategik islohotlarni amalga oshirishda, jumladan, xususiy sektorga yo‘naltirilgan inklyuziv iqtisodiyot qurish, bozor institutlarini rivojlantirish va barcha fuqarolar iqtisodiy o‘sishning natijalaridan foydalanishlari uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatiladi. Jahon bankining hukumatga yordami moliyaviy paket shaklida taqdim etiladi. U 470 million AQSh dollari qiymatidagi imtiyozli kreditlar va 480 million AQSh dollari qiymatidagi past stavkali kreditlardan iborat.
«Dunyoda hamda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi murakkab vaziyatga qaramasdan, O‘zbekiston islohotlar yo‘lida qat’iy davom etishini namoyish etmoqda. Jahon bankining joriy operatsiyasi O‘zbekiston uchun 2017-yildan buyon mamlakatda inklyuziv bozor iqtisodiyotini barpo etish maqsadida ko‘rsatgan keng ko‘lamli moliyaviy va texnik yordamimizga asoslanadi. Jahon bankining mamlakat bilan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturi O‘zbekistonning kelgusi besh yilga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor islohotlarni amalga oshirishga xizmat qiladi», – deydi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova.
Qayd etilishicha, ushbu mablag‘lar Jahon banki tizimidagi kredit tashkilotlari – Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB) tomonidan beriladi. 12 yildan 34 yilgacha muddatga past foiz stavka bilan XTA uchta kredit va XTTB qarz beradi (XTA va XTTB moliyalashtirish shartlariga muvofiq). Ushbu operatsiya doirasida Jahon banki tomonidan taqdim etiladigan moliyalashtirish hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar va chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Ma’lumot uchun, 2022-yil 16-dekabr holatiga ko‘ra, Jahon bankining O‘zbekistondagi mamlakat bo‘yicha dasturi 27 ta loyihani o‘z ichiga olgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter