Ishlovchi pensionerni majburan ishdan bo‘shatish mumkinmi?
Savol: ishlovchi pensionerni majburan ishdan bo‘shatish mumkinmi?
Mehnat kodeksining 160-moddasiga ko‘ra, xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugaguniga qadar muddatli mehnat shartnomasini o‘n to‘rt kalendar kun oldin bu haqda ish beruvchini yozma shaklda ogohlantirgan holda bekor qilishga haqli. Ayrim toifa hodimlarga o‘z tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor qilinganda ish beruvchini ogohlantirishning boshqa muddatlari quyidagilarga nisbatan belgilab qo‘yilgan.
Ya’ni mehnat shartnomasini bekor qilishga xodim shu korxonadagi ishni haqiqatda tashlab ketish istagini bildirgan yozma arizasiga binoan yo‘l qo‘yiladi. Mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi arizani ish beruvchining qistovi bilan, majburlab yozdirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bundan tashqari, MK 4-moddasiga ko‘ra, har kim mehnat huquqlarini amalga oshirish va himoya qilishda teng imkoniyatlarga ega. Yangi Mehnat kodeksiga ko‘ra, pensioner xodimni pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan ishdan bo‘shatib bo‘lmaydi (Eski Kodeks bo‘yicha bo‘shatish mumkin edi).
Savol: ikkinchi va undan keyingi ish yili uchun yillik mehnat ta’tiliga ish yilining istalgan paytida chiqish mumkinmi?
Mehnat kodeksining 228-moddasi (Ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat ta’tilini berish tartibi) 4-qismiga ko‘ra, xodimning xohishiga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili unga qulay bo‘lgan vaqtda quyidagilarga berilishi kerak:
- ayollarga — homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin;
- bolani parvarishlash ta’tilidan foydalanayotgan xodimga ushbu ta’tildan oldin yoki keyin;
- o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bir yoki undan ortiq nafar bolani (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani) tarbiyalayotgan shaxslarga (yolg‘iz ota-onaga, shu jumladan beva ayollarga, beva erkaklarga, nikohdan ajralganlarga, muddatli harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilarning xotinlariga, ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslarga);
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
- 1941 — 1945 yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari bo‘yicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
- o‘n sakkiz yoshdan kichik bo‘lgan shaxslarga;
- ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotganlarga, agar ular o‘zining har yilgi mehnat ta’tilini imtihonlar, sinovlar (zachyotlar) topshirish, bitiruv malakaviy ishlarini, magistrlik dissertatsiyalarini, kurs, laboratoriya ishlarini va boshqa o‘quv ishlarini bajarish vaqtiga to‘g‘rilab olishni xohlasa;
- «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga;
- jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoxud boshqa ichki hujjatlarda belgilangan hollarda boshqa xodimlarga.
Moddaning 5-qismiga ko‘ra, ishlaydigan erkaklarga har yilgi mehnat ta’tili ularning xohishiga ko‘ra xotinining homiladorlik va tug‘ish ta’tili davrida beriladi.
Demak, yuqoridagi toifa xodimlar ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat ta’tilini o‘zlari uchun qulay vaqtda olishlari mumkin. Ya’ni bu toifa xodimlar ta’tilga ariza yozishsa ta’tillar jadvali bilan belgilanadigan har yilgi mehnat ta’tillarini berish navbatidan oldin ham ta’tilga chiqishlari mumkin.
Yuqoridagi toifaga tushmagan hodimlarchi? MK 228-moddasi oxirgi qismiga ko‘ra, jadvalda belgilangan har yilgi mehnat ta’tilini berish vaqti xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan o‘zgartirilishi mumkin.
Savol: ketma-ket 2 nafar farzandim tug‘ilgani uchun «dekret»daman. Endi uchinchi farzandimga ham tug‘ish ta’tili olmoqchi bo‘lsam, menga ta’til puli beriladimi? Yoki o‘rtada 5-6 oy ishlab keyin tug‘ish ta’tiliga chiqishim kerakmi?
Homiladorlik va tug‘ish ta’tilini keyingisiga ulashda limit ya’ni cheklov yo‘q. 3-farzandingiz uchun ham ta’tilga chiqsangiz tug‘ish nafaqasi to‘liq to‘lab beriladi.
«Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida»gi Yo‘riqnomaning 29-bandiga ko‘ra, bola ikki va uch yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash uchun beriladigan ta’til yoki ish haqi saqlanmagan holda qo‘shimcha ta’tilda bo‘lgan ayollarning takroriy homiladorligi uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi umumiy asosda beriladi.
Savollaringizni @xabargayoz_bot ’ga jo‘natishingiz mumkin.
Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter