Ish beruvchi xodimini majburan ishdan bo‘shatishga haqlimi?
Savol: Xodimdan zo‘rlik bilan ishdan bo‘shash haqida ariza yozdirib olinsa, qanday yo‘l tutishi kerak?
Mehnat kodeksining 160-moddasi 1-qismiga ko‘ra, xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugaguniga qadar muddatli mehnat shartnomasini o‘n to‘rt kalendar kun oldin (ayrim toifa xodimlarga ogohlantirishning boshqa muddatlari belgilangan) bu haqda ish beruvchini yozma shaklda ogohlantirgan holda bekor qilishga haqli. Ya’ni e’tibor bering bu xodimning huquqi ekan, un majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998 yil 17 apreldagi 12-sonli «Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida»gi qarorining 15-bandiga ko‘ra sudlar da’vogarning mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi arizani ish beruvchining qistovi natijasida berganligi to‘g‘risidagi vajlarini sinchkovlik bilan tekshirmoqlari lozim.
Agar mehnat huquqlaringiz buzilsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri fuqarolik sudiga, hududingizdagi mehnat inspeksiyasiga, prokuratura yoki adliya organlariga murojaat qilishingiz mumkin. Yoki +99871 200 06 00 (Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ) 1007 (Bosh prokuratura) , 1008 (Adliya vazirligi).
Savol: 4 nafar farzandim bor. Ayni paytda bola parvarishi ta’tilidaman. Menga 3 yoshgacha bola puli beriladimi
MK 405-moddasiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lguniga qadar bolani parvarishlash ta’tili berilib, bu davr uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda nafaqa to‘lanadi.
Lekin hali Vazirlar Mahkamasi qarori chiqqani yo‘q. Bu munosabatlarni hozircha «Ishlovchi onalarga bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha oylik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizom tartibga soladi. Mazkur Nizom budjet tashkilotlarida ishlovchi onalarga tatbiq etilmaydi. Agar Siz budjet tashkilotida ishlasangiz, Sizga bola parvarishi bo‘yicha oylik nafaqa to‘lanmaydi. Agar budjetdan tashqari tashkilotda ishlasangiz, u holda bola ikki yoshga to‘lgunga qadar Sizga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorinng 60foiz miqdorida ya’ni 588 ming so‘m bola parvarishi bo‘yicha oylik nafaqa to‘lanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 oktyabrdagi 654-son qaroriga 1-ilova «Kam ta’minlangan oilalarni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizom bilan yuqoridagi Nizomni adashtirish kerak emas. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi hududida yashaydigan kam ta’minlangan oilalarni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali aniqlash hamda ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordamni tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydi. Agar Sizning oilangiz kam ta’minlangan deb e’tirof etilsa va bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash shartlariga mos tushsangiz, bolalar nafaqasi olishingiz mumkin. Bolalar nafaqasi oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib tayinlanadi. Bolalar nafaqasi 12 oy muddatga tayinlanadi, biroq oilaning eng kichik yoxud yagona bolasi tegishlicha o‘n sakkiz yoshga to‘lgan oyning oxirigacha to‘lanadi.
Savollaringizni @xabargayoz_bot ga jo‘natishingiz mumkin.
Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter