Intizomiy jazosi bor xodimga Qurbon hayiti uchun mukofot bersa bo‘ladimi?
Intizomiy jazo olgan xodimga bayram kunlari, jumladan, Qurbon hayiti uchun mukofot qanday tartibda beriladi?
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi, mehnat huquqi bo‘yicha ekspert Muhammadamin Karimjonovning yozishicha, Mehnat kodeksining 249-moddasiga ko‘ra, mehnatga haq to‘lash tizimi xodimlar ish haqi miqdorining mehnatning miqdori va sifatiga, ularning shaxsiy va jamoaviy natijalariga bog‘liqligini belgilash usulidir.
Bundan tashqari, MK 252-moddasi 2-qismiga ko‘ra, mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan mukofot xodimni oldindan belgilangan ko‘rsatkichlar va shartlarga erishishga undash maqsadida ish haqining tarkibiga kiritilgan hamda xodimga asosiy maoshidan (tarif stavkasidan) tashqari to‘lanadigan pul mukofotidir.
Shuningdek, MK 252-moddasi 3-qismiga ko‘ra, mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilmagan rag‘batlantiruvchi mukofot bir marta beriladigan xususiyatga ega bo‘lgan hamda ish beruvchining qaroriga ko‘ra xodimning oldindan belgilangan ko‘rsatkichlar va shartlarga erishganligi uchun emas, balki muayyan voqealar (yubileylar, bayram sanalari va boshqalar) yuz berganligi yoki xodim tomonidan muayyan harakatlar amalga oshirilganligi (ish beruvchining alohida muhim topshirig‘ini bajarish, ratsionalizatorlik taklifini kiritish va boshqalar) munosabati bilan to‘lanadigan pul mukofotidir.
Demak, yuqoridagilardan xulosa qilsak, bayram sanalari bilan beriladigan mukofotlar mehnatga haq to‘lash tizimiga kirmaydi va mehnat natijalariga asoslanmaydi. Shuning uchun ham, intizomiy jazo amal qilayotgan xodimga Qurbon hayiti uchun mukofot berilmaydi.
Agar xodimga Qurbon hayiti uchun mukofot bermoqchi bo‘lsangiz, u holda intizomiy jazoni olib tashlang. MK 315-moddasi 3-qismiga ko‘ra, ish beruvchi intizomiy jazoni istalgan vaqtda olib tashlashga haqli. Intizomiy jazoni muddatidan oldin olib tashlash ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter