«Hayotimiz omonat – buni inkor qilib bo‘lmaydi…» – 82 yoshli somsapaz onaxonning aytganlari
Ismi va yashash joyini sir saqlagan onaxonimiz yaqinda 83-bahorni qarshilash arafasida. Qahramonimiz 1941-yil Toshkent shahri Sobir Rahimov tumanida tug‘ilgan. Bundan roppa-rosa 30 yil avval, Oloy bozorida milliy ovqatlar – norin, xonim va somsa tayyorlab sota boshlagan.
– Onaxon, 82 yoshga kirganga o‘xshamaysiz, ko‘z tegmasin ancha tetiksiz. Buning siri nimada ?
– Ko‘p mehnat qilgan, ko‘p ilm olgan, o‘ziga yaxshi qaragan odam tez qarimaydi. Bularni aksi bo‘lsa, yotib yesa, mehnatda toblanmasa, tez qariydi. Shuning uchun doim harakatdaman. Odam qarigan sari xotirasi yo‘qoladi. Bitta gapni ikki marta aytadigan bo‘lib qoladi. «Sekleroz» deydi-ku (kuladi). Bola-chaqa, kelinlarni oldida uyalib qolishni xohlamayman. Shuning uchun mana shu ish bilan shug‘ullanaman. Ko‘chaga chiqaman, odamlarni kuzataman. Qanday o‘zgarishlar bo‘lyapti – hammasiga e’tibor beraman. Shunday qilib o‘zimni ovutaman-da...
– Onaxon farzandlaringiz nechta? Kasbingiz nima bo‘lgan?
– Xudoga shukr 4 ta farzandim bor. Bir qiz, uch o‘g‘il. Hammasi o‘zidan tinib-tinchib ketgan. 18 ta nabira, 16 ta evarani buvisiman. Dadam va akam men tug‘ilgan yili urushga ketishgan va qaytishmagan, halok bo‘lishgan. Onamning bir o‘zi 5 ta farzandni boqishiga to‘g‘ri kelgan. Oilada kenja farzand men edim. Hozir faqat men qoldim. Hammalari omonatini topshirdi. Yoshligimda astranomiyani judayam yaxshi ko‘rardim. Lekin bu sohada o‘qiy olmadim.
Kasbim ko‘p bo‘lgan. Texnikumda tikuvchilikni bitirganman. Oyim kasal bo‘lib bitta o‘zlari qolgandan keyin, «bannisa»da tozalik xodimi bo‘lib ishladim. O‘sha vaqtlar yosh edim. Rus va ingliz tillarini yaxshi bilardim. Hozir ham bilaman. Keyin bir yil shifokorlikka o‘qitishdi. So‘ng meni hech qanday imtihonlarsiz ishga olishdi. Shu bilan nafaqaga chiqdim. 26 yoshda meni majburlab turmushga berishgan. Turmush o‘rtog‘imni xolam, oyimni opalari topgan. Lekin hayotimiz o‘xshamagan. Qaynonam va erimning zulmlaridan keyin, o‘rtada bolalarim bilan ajrashishimga to‘g‘ri kelgan. Lekin bu taqdir ekan-da, ko‘nish kerak, sabr qilish kerak. Qiyinchiliklariga chidash kerak. Hayotimiz omonat – buni esa inkor qilib bo‘lmaydi. Somsalarni har kuni o‘zim tayyorlayman. Kelinimgayam ishonmayman bu ishni. Xamir qoraman, yog‘layman, kartoshka to‘g‘rayman…
Tandirim yo‘qligi uchun «duxovka»da pishiraman. Kuniga 10-15 ta somsa sotaman. Farzandlarim menga qarashini kutib o‘tirmayman. Ular ham tez-tez xabar olib turishadi. Har 15 kunda qizim va kuyovim ro‘zg‘or uchun bozorlik qilib berishadi. 82 yoshga chiqib shuni bildimki, ota-ona 18 yoshgacha farzandlarini boqadi, undan keyin farzandlar majbur ota-onasini boqishga. Lekin, odam qaridim deb farzandlariga yuk bo‘lishi kerak emas. Axir, farzandlarning ham bola-chaqasi bor. Umuman olganda inson harakat qilib, yashash uchun intilishi kerak. Bu o‘g‘lim buni olib beradi, bu qizim buni olib beradi, qarigan chog‘im nonimni, suvimni beradi deyish – ahmoqlik!
Lekin farzandlar baribir ota-onasidan xabar olib, duosini olish kerak deb o‘ylayman...
Suhbatimiz yakuniga yetar ekan o‘ylab qoldim. Hozirgi bilagida kuchi bor, belida quvvati bor ayrim yoshlar gohida motivatsiya yetishmayapti, deb nolib yurishadi. Menimcha, hayotga bo‘lgan qiziqishlarni uyg‘otish, unga boshqacha ko‘z bilan qarash uchun qo‘shtirnoq ichidagi motivatorlar uchun jaraq-jaraq pullarni sarflash shart emas. Shunchaki, bizga berilgan imkoniyatlar omonat ekanini, undan foydalanib qolish zarurligini his qilgan holda har bir kundan unumli foydalanishga, ilm olishga, yaxshi amallar qilishga bel bog‘lasak hayotimizda hech qanday motivatorlar uchun o‘rin qolmaydi.
Tushlik vaqti ham bo‘lib qolgandi. Suhbat uchun onaxonga minnatdorchilik bildirib, somsalaridan sotib oldim. Aytgancha, siz ham qahramonizming somsalaridan tatib ko‘ring. Onaonni Abdulla Qodiriy metro bekatidan topasiz.
Javohir Aliqulov suhbatlashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter