Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniya Termiz aeroporti modernizatsiyasi uchun 1 mln yevro ajratdi

Germaniya Termiz aeroporti modernizatsiyasi uchun 1 mln yevro ajratdi

Germaniya Qurolli kuchlari mablag‘lari hisobidan Termiz aeroportining 12 kilometrdan ortiq uzunlikdagi tashqi to‘sig‘i bo‘ylab va aeroport hududidagi tegishli operatsiya markazida xalqaro aviatsiya standartlariga muvofiq xavfsizlik va kuzatuv texnologiyasini 1 mln. yevrodan ortiq mablag‘ga moliyalashtirdi.

Bu haqda Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi ma’lum qilmoqda.

Aeroportni modernizatsiya qliishda, xususan, yoritish uskunalari uchun zamonaviy, tejamkor LED lampalardan foydalanilgan.

«Harbiy attashemiz shu hafta aeroport maydonida o‘rnatish ishlari yakunlanganini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. Termiz xalqaro aeroportida olib borilayotgan modernizatsiya ishlari bizda katta taassurot qoldirdi va bunga samarali hissa qo‘shganimizdan mamnunmiz», – deb yozadi elchixona.

Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, 2002-2015-yillar oralig‘ida Germaniya Qurolli kuchlari Afg‘onistondagi ISAF xalqaro barqarorlashtirish missiyasi doirasida O‘zbekistonning janubiy qismidagi Termiz aeroportidan havo transporti uchun strategik markaz sifatida foydalangan.

«Germaniya Qurolli kuchlari olib chiqilganidan keyin ham biz zamonaviy xalqaro tijorat aeroportiga aylanish yo‘lida ushbu aeroport bilan chambarchas bog‘liqmiz», – deydi Germaniya tomoni.

Ma’lumot uchun, Xalqaro xavfsizlik kuchlari (ISAF) NATO boshchiligidagi xalqaro harbiy kontingent bo‘lib, Afg‘oniston Islom Respublikasi hududida 2001-yildan 2014-yilgacha faoliyat yuritgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring