Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada bolalarga ekologiyaga oid Brayl alifbosidagi kitoblar tarqatildi

Farg‘onada bolalarga ekologiyaga oid Brayl alifbosidagi kitoblar tarqatildi

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida «Qahramonlar davri» bolalar ekologik harakati tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda «Mehrli qo‘llar» markazi ko‘magida ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan bolalar maktab-internatida xayriya tadbiri o‘tkazildi.

Tadbir doirasida bolalarga ekologiyaga oid brayl alifbosida yozilgan kitoblar sovg‘a qilindi. Ularga «Plastikakl kim?» va «Doktor Chixaxl va uning dahshatli siri» ertak kitoblari, shuningdek, ushbu kitoblarning bolalar spektakli formatida yozilgan audio versiyalari tortiq qilingan.

Tadbir davomida bolalarga o‘qib berilgan ertaklar qiziqish bilan qabul qilindi, viktorina trzida savol-javoblar uyushtirildi. Shuningdek, bolalarga ertak qahramonlarini yasash uchun plastelin to‘plamlari sovg‘a qilindi. 

Bolalar ekologik muammolar, jumladan, yer va suvning chiqindilar bilan ifloslanishi oqibatlari, global isish nima uchun sodir bo‘lishi va iqlim o‘zgarishi nimalarga olib kelishi haqidagi bilimlarini namoyish etdilar. Savollarga faol javob berib, tabiatni asrash muhimligini muhokama qilgan o‘g‘il-qizlar bolalar ekologik harakatining faol ishtirokchisi bo‘lish, o‘zlarini sayyoramiz himoyachisi va qahramoniga aylanish istagini bildirishdi.

Bolajonlar uchun kuy-qo‘shiq, madaniy tadbirlar, kotsert dasturi namoyish etildi.

Shuningdek, Namangan viloyat Ekologiya boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda Kosonsoy tumanida joylashgan 45-sonli «Nurli maskan» maktab-internatida ham Brayl alifbosidagi kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda o‘quvchilar o‘rtasida turli ko‘ngilochar o‘yinlari o‘tkazilib, Ekologiya vazirligining sovg‘alari topshirildi.

Tadbir so‘ngida «Yashil makon» loyihasi doirasida bolajonlar bilan birga maktab hovlisiga 100 tupdan ziyod manzarali ko‘chatlar ekildi. 

Ma’lumot uchun, loyiha Farg‘ona vodiysining beshta shahrida – Marg‘ilon, Farg‘ona, Qo‘qon, Asaka va Kosonsoydagi ko‘rish imkoniyati cheklangan bolalar maktab-internatlarida boshlangan. Har bir ta’lim muassasasining kutubxonasiga «Qahramonlar davri» bolalar eko-seriyasining dastlabki 2 soni taqdim etildi. Bu kitoblarda ekologik muammolar ertak qahramonlari orqali tasvirlab berilgan.  

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring