«Ezgulik» jamiyati faoli, bloger Murod Maxsudov qamoqqa olindi
O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati faoli, bloger Murod Maxsudov qamoqqa olindi. Bu haqda jamiyat rahbari Abdurahmon Tashanov yozmoqda.
«Kecha tushdan so‘ng uyidan Toshkent shahar IIBB xodimlari olib ketishgan, kechqurun sanksiya berib, bugun ertalab O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 1-sonli tergov izolyatoriga joylashtirishibdi», – deydi u o‘z sahifasida.
Tashanovning bildirishicha, Toshkent shahar IIBB xodimlaridan biri M.Maxsudovning otasiga o‘g‘liga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini aytgan.
«Boshqa narsalarni ayta olmaymiz, debdi. Bugun esa ichki ishlar idoralari xodimlarining kasb bayrami ekan, «Toshturma»dagilar tushgacha ishlasharkan.
Hech qachon o‘zimni shunchalar ojiz his qilmagandim. Prokuratura, Toshkent shahar IIBBga qo‘ng‘iroq qildim, hech kim javob bermaydi. Murod Maxsudovning himoya huquqi ta’minlandimi? Unga davlat tomonidan bo‘lsa ham advokat ajratildimi? Qani o‘sha advokat? Gaplashish, huquq faolining nimada ayblanayotganini bilish mumkinmi?» – deydi «Ezgulik» jamiyati rahbari.
Abdurahmon Tashanov, shuningdek, tegishli idoralardan holat bo‘yicha ma’lumot berishni so‘rab, blogerning nega qamalgani haqida ma’lumot berishlarini talab qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter