Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YeI Markaziy Osiyoda internet aloqasini yaxshilashga ko‘maklashadi

YeI Markaziy Osiyoda internet aloqasini yaxshilashga ko‘maklashadi

18-mart kuni Toshkentda «Markaziy Osiyoda raqamli o‘zaro aloqadorlikni rivojlantirish bo‘yicha Yevropa jamoasi tashabbusi» doirasida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan ikki strategik loyiha bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Raqamli texnologiyalar vazirligida bo‘lib o‘tgan imzolash marosimida Yevropa Ittifoqining xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela qatnashdi.

YeI delegatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, «Markaziy Osiyo uchun aloqa» (C4CA) loyihasi butun mintaqada raqamli infratuzilma va integratsiyani yaxshilashga qaratilgan. U Markaziy Osiyo mamlakatlarini yaxshiroq bog‘lashga, hamkorlik va iqtisodiy almashinuvni rivojlantirishga xizmat qiladi. Raqamli integratsiyani oshirish orqali loyiha iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydi, onlayn xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilaydi hamda mintaqadagi raqamli tafovutni bartaraf etishga yordam beradi.

«Markaziy Osiyoning olis hududlari aholisi uchun sun’iy yo‘ldosh aloqasi» loyihasi esa chekka va olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlashga qaratilgan. Bu loyiha internetga ishonchli kirish imkoniyati cheklangan yoki umuman mavjud bo‘lmagan qishloq va olis hududlar aholisi uchun ta’lim, sog‘liqni saqlash va iqtisodiy rivojlanish sohalarida raqamli imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.

«Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston butun Markaziy Osiyo bo‘ylab internet aloqasini yaxshilash yo‘lida birgalikda ishlamoqda. Yevropa texnologiyalari va O‘zbekistoning tajribasi ko‘proq odamlarga tezkor va xavfsiz internetdan foydalanish imkoniyatini yaratadi, biznesni qo‘llab-quvvatlab, yangi ish o‘rinlarini yaratadi hamda mahalliy jamoalar uchun yashash sharoitlarini yaxshilaydi. Raqamli aloqaga sarmoya kiritish orqali biz bo‘shliqlarni to‘ldirmoqdamiz, imkoniyatlar yaratmoqdamiz va Markaziy Osiyo mintaqasining raqamli iqtisodiyotdan to‘liq foyda olishini ta’minlamoqdamiz», – deydi YeI komissari Yozef Sikela.

Hujjatlarni imzolashdan oldin yevropalik mehmon O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov bilan muzokara o‘tkazdi.

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Sherzod Shermatov Yevropa bozorining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidlagan.

Uchrashuvda O‘zbekistonning dengizga chiqish imkoniyatlari cheklangani bois vazirlik AKT sohasini faol rivojlantirayotgani, bu esa IT-xizmatlar eksporti ko‘rsatkichlarini jadal oshirishga xizmat qilayotgani ham qayd etilgan.

Avval xabar berganimizdek, YeIning xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Y.Sikelaning Markaziy Osiyo bo‘ylab safari mobaynida «Global Gateway» tashabbusini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ma’lumot o‘rnida, «Global Gateway» YeIning butun dunyodagi investitsiya tafovutini kamaytirish, raqamli o‘zgarishlar, energetika hamda transport sohalarida aqlli, ekologik toza va xavfsiz aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan strategiyasidir. Shu bilan birga, u sog‘liqni saqlash, ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Strategiya doirasida 2021–2027 yillar davomida jamoat va xususiy sektor investitsiyalaridan 300 milliard yevrogacha mablag‘ jalb qilish orqali global investitsiya bo‘shlig‘ini yopish, qaramlik emas, balki mustahkam aloqalarni yaratish ko‘zda tutilgan.

Komissar Yozef Sikela boshchiligidagi delegatsiya prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham qabul qilindi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni izchil kengaytirish uchun katta imkoniyat va salohiyat mavjudligi ta’kidlangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring