Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DXX 11,4 kg «opiy» va «gashish» moddalari saqlab kelayotgan shaxslarni qo‘lga oldi

DXX 11,4 kg «opiy» va «gashish» moddalari saqlab kelayotgan shaxslarni qo‘lga oldi

Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yashovchi, 1983 y.t. fuqaro Urgut tumaniga borib, 1992 y.t. tanishidan 1 kg 916 gr. «opiy» moddasini olib, o‘zining boshqaruvida bo‘lgan «Nexia 2» rusumli avtomashinada doimiy yashash manziliga qaytib ketayotgan vaqtida Bulung‘ur tumanida ushlandi hamda undan giyohvandlik vositasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, unga ajal og‘usini bergan fuqaroning Urgut tumanidagi yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, kelgusida sotish maqsadida saqlanayotgan 7 kg 331 gr. «opiy» moddasi borligi aniqlanib, u ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

DXX Navoiy va Jizzax viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan bojxona hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda G‘allaorol tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1988 y.t. fuqaro 469 gr. «opiy» moddasini 8 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi.

Ta’kidlash lozimki, mazkur shaxs muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlanib, jazo muddatini o‘tagan bo‘lsada, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.

Shuningdek, tezkor surishtiruv harakatlari davomida u ajal og‘usini Urgut tumanida yashovchi, 1989 y.t. fuqarodan 5 ming AQSh dollariga sotib olganligi aniqlanib, u ham qo‘lga olindi.

Toshkent viloyatida kuzatilgan holatda Namangan shahrida yashovchi, 1982 y.t. ayol Bekobod shahrida hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan fuqarodan 1 kg 696 gr. «gashish» moddasini Namangan viloyatiga yetkazib berish uchun olib, Ohangaron shahrida Farg‘ona vodiysiga qatnaydigan avtomashinalar turargohiga borayotgan vaqtida DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.

Aniqlanishicha, narkotik moddani Namangan viloyatining Pop tumaniga olib borib, kerakli joyda qoldirib ketishi uchun ayolga 200 AQSh dollari berilgan.

Ta’kidlash lozimki, barcha holatda giyohvandlik vositalari mamlakatimizga Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring