Davlat xizmatchisiga beriladigan yillik ta’tilni pulli kompensatsiyaga almashtirsa bo‘ladimi? – mutaxassis javob beradi
Savol: Turmush o‘rtog‘im harbiy bo‘lib, ayni paytda ish joyi almashyapti. O‘zim bosh buxgalter bo‘lib ishlayman, ishdan bo‘shashga ariza yozsam, kadrimiz 1 oy ishlab berasiz deyapti. Kelasi haftaga boshqa hududga ko‘chishimiz zarur. Men 1 oy ishlab berishga majburmanmi?
Mehnat kodeksining 160-moddasiga ko‘ra, xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugaguniga qadar muddatli mehnat shartnomasini 14 kalendar kun oldin bu haqda ish beruvchini yozma shaklda ogohlantirgan holda bekor qilishga haqli. O‘z tashabbusiga ko‘ra shartnoma bekor qilinganda ish beruvchini ogohlantirishning boshqa muddatlari ham belgilangan. MK 489-moddasi 4-qismiga ko‘ra, rahbarning o‘rinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri, alohida bo‘linmalar rahbarlari o‘z tashabbusiga ko‘ra nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugashidan oldin muddatli mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli bo‘lib, bu haqda ish beruvchini bir oy oldin yozma shaklda ogohlantirishi kerak. Shundan kelib chiqib kadrlar bo‘limi Sizga 1 oy ishlab berasiz degan.
Lekin ular MK 160-moddasi 8-qismini e’tiborga olmagan. Unga ko‘ra, mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilish to‘g‘risidagi ariza u o‘z ishini davom ettirishi mumkin emasligi (ta’lim tashkilotiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylab qo‘yiladigan lavozimga saylanganligi va boshqa hollarda) bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda ish beruvchi mehnat shartnomasini xodim iltimos qilayotgan muddatda bekor qilishi kerak. 8-qismda meni vaziyatim yo‘q-ku deyishingiz mumkin. E’tibor bering va boshqa hollarda ham deyilmoqda.
Oliy sud Plenumining 1998-yil 17-apreldagi 12-sonli «Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida»gi qarorining 15-bandiga ko‘ra, ishni davom ettira olmaslik holatlarining taxminiy ro‘yxati ko‘rsatilganligi munosabati bilan, sud nizoni ko‘rishda boshqa holatlarni e’tiborga olishi mumkin.
Demak, yuqoridagilardan xulosa qilsak, Sizning holatingiz MK 160-moddasi 8-qismiga tushadi va ish beruvchi mehnat shartnomasini Siz iltimos qilayotgan muddatda bekor qilishi kerak. Buning uchun Siz turmush o‘rtog‘ingiz rotatsiya bo‘layotganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilshingiz zarur bo‘ladi.
Savol: Davlat fuqarolik xizmatchisiga beriladigan 27 kalendar kunidan kam bo‘lmagan yillik asosiy ta’tilni pulli kompensatsiyaga almashtirish mumkinmi?
Ha, mumkin. Buni quyidagicha asoslaymiz. «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi 54-moddasiga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisiga davomiyligi 27 kalendar kunidan kam bo‘lmagan yillik asosiy ta’til beriladi.
Shuningdek, MK 218-moddasi 2-qismiga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xodimlariga davomiyligi 27 kalendar kun bo‘lgan har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til beriladi, bundan davlat xodimlarining ayrim toifalari uchun qonunda har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’tilning uzoqroq davomiyligi belgilangan hollar mustasno.
MK 234-moddasi 2-qismiga ko‘ra, xodimlarga ish davrida ularning xohishiga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili uchun ta’tilning ushbu Kodeksning 217-moddasida belgilangan eng kam davomiyligidan (21 kalendar kunidan) ortiqcha qismi uchun pulli kompensatsiya to‘lanishi mumkin.
Endi 234-moddaning 3-qismiga e’tibor qarating. Unga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan xodimlarga, 1 yoki 2-guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga beriladigan ijtimoiy ta’tillarning barcha turlaridan, har yilgi uzaytirilgan asosiy mehnat ta’tillaridan, shuningdek ushbu Kodeksning 481 va 483-moddalarida nazarda tutilgan qo‘shimcha ta’tillardan asli holida foydalaniladi hamda mehnat davrida ularni pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
234-moddaning 3-qismi faqat 18 yoshga to‘lmagan xodimlarga, 1 yoki 2-guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga beriladigan har yilgi uzaytirilgan asosiy mehnat ta’tillarini ya’ni 30 kalendar kun ta’tilni pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini belgilab bermoqda.
Har yilgi uzaytirilgan asosiy mehnat ta’tillari beriladigan boshqa xodimlar, shu jumladan, pedagog xodimlar, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xodimlariga, davlat fuqarolik xizmatchilariga hech qanday cheklov yo‘q.
Demak, xulosa qiladigan bo‘lsak, davlat fuqarolik xizmatchilari va davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xodimlari 27 kalendar kun ta’tilni 21 kunini asl holicha, qolgan 6 kunini ish beruvchi bilan kelishgan holda pulli kompensatsiyaga almashtirishlari mumkin.
Savol: O‘rindosh joyimdan dekret ta’tili puli olsam bo‘ladimi?
«Dekret ta’tili» yoki «dekret» aslida norasmiy og‘zaki ifoda bo‘lib, bunda odatda ikkita davr: homiladorlik va tug‘ish ta’tillari hamda bola uch yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash uchun beriladigan ta’tillar nazarda tutiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 18-oktyabrdagi 297-son qaroriga ilova «O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 18 va 19-bandlariga ko‘ra, o‘rindoshlar o‘rindoshlik asosidagi ish joyi bo‘yicha vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi olish, ayollar esa, bundan tashqari, homiladorlik va tug‘ish nafaqalari olish huquqiga egadir. Sog‘liqni saqlash muassasasi tomonidan berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi o‘rindoshlik asosidagi ish joyidan nafaqa olish uchun asos hisoblanadi.
«Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida»gi yo‘riqnomaning 19-bandiga ko‘ra, sog‘liqni saqlash muassasasi tomonidan berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi ushbu Nizomning 18-bandida nazarda tutilgan o‘rindoshlik asosidagi ish joyidan nafaqa olish uchun asos hisoblanadi.
Demak, Siz asosiy ish joyingizdan ham, o‘rindoshlik asosidagi ish joyingizdan ham homiladorlik va tug‘ish nafaqalari olish huquqiga egasiz. Bu mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarga, ya’ni xususiy sektorga ham taalluqli.
Eslab qoling, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 49-3-moddasiga ko‘ra, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini qonunchilikda belgilangan miqdorlarda to‘lash bo‘yicha majburiyatdan bo‘yin tovlash, BHMning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha (4 mln 950 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, BHMning o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha (9 mln 900 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bola parvarishlash nafaqasi esa o‘rindoshlik joyidan berilmaydi, faqat budjetdan tashqari bo‘lgan asosiy ish joyidan beriladi.
Eslab qoling, bola parvarishlash nafaqasi budjet tashkilotlarida to‘lanmaydi.
Savollaringizni @xabargayoz_bot ga jo‘natishingiz mumkin.
Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter