Dam olish kunlari ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi

O‘zbekiston gidrometeorologiya xizmati agentligi 12-13-aprel kunlari uchun ob-havo prognozini e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, ertaga, 12-aprel kuni O‘zbekiston hududining katta qismida quruq ob-havo saqlanib turadi. Faqat respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Navoiy viloyati cho‘l hududlarida yomg‘ir yog‘adi va momaqaldiroq kuzatiladi.
13-aprel – yakshanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida kechasi va kunning birinchi yarmida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida
faqat kechki paytda ba’zi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘irlar kuzatiladi. Surxondaryo viloyatida va Farg‘ona vodiysida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Ushbu kunlarda ko‘pchilik viloyatlarda juda iliq ob-havo saqlanib turadi, havo harorati 27-32 daraja atrofida, ba’zi joylarda 34 darajagacha, janubda
36 darajagacha bo‘ladi. Faqat respublikaning shimolida 12-aprelda havo harorati 18-23 darajagacha pasayadi, ammo 13-aprelga kelib, harorat yana ko‘tarila boshlaydi. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, ayrim joylarda 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 12-aprel kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi, 13-aprelda ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi.
Toshkent shahrida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda,
faqat 13-aprel kuni kechga tomon qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol sharqdan birozdan o‘rtacha tezlikgacha esadi.
Harorat asosan kechalari 14-19 daraja, kunduz kunlari 27-32 daraja bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter