Chirchiqda bog‘cha bolasini hojatxonaga qamab qo‘ygan «opa» ishdan bo‘shatildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahrida sodir bo‘lgani aytilgan bog‘cha bolasining hojatxonaga qamab qo‘yilgani holati aks etgan videotasvir tarqaldi.
Bolalar ombudsmani mazkur holatning nazoratga olinganini bildirib, voqeaning ayrim tafsilotlarini ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, voqea Chirchiq shahridagi xususiy maktabgacha ta’lim muassasasida 8-fevral kuni sodir bo‘lgan. Bog‘cha tarbiyachisi oilaviy sabablarga ko‘ra asabiy holatda bo‘lganligi tufayli tushlik paytida uxlay olmay yig‘layotgan bolaga bir necha bor qattiq baqirib, so‘ng bolani urib xojatxonaga qamab qo‘ygan.
Hozirda mazkur tarbiyachi Mehnat kodeksining 161-moddasining 5-bandi (xodimning o‘z mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol ravishda buzganligi uchun mehnat shartnomasini bekor qilish) asosida lavozimidan ozod etilgan.
«Holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda va tarbiyachining harakatiga huquqiy baho berilmoqda.
Tarbiyachi tomonidan bu tarzdagi jazo usuli qo‘llanishi bolaning manfaatlariga mutlaqo zid. Uning ruhiy-emotsional sog‘ligiga, sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi bunday harakatlar javobsiz qolishi mumkin emas.
Bolalar ombudsmani mazkur fakt bo‘yicha bolaning qonuniy manfaatlarini ta’minlash yuzasidan o‘z kuzatuvini qat’iy davom ettiradi», – deyiladi tashkilot munosabatida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter