Buxorodagi Abu Hafs Kabir jome’ masjidi hamda «Darvozai Imom» qabristoni (fotoreportaj)
Buxorodagi Abu Hafs Kabir jome’ masjidi hamda «Darvozai Imom» qabristoni islom olamining buyuk va noyob madaniyati, ilm-fani va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti markazi hamda ulug‘ ziyoratgohlaridan biri sanaladi.
Masjidda Ramazon hayiti munosabati bilan jamoat bilan birga namoz o‘qildi. Ushbu jome’ masjidi 5000 dan ortiq namozxonga mo‘ljallangan bo‘lib, Ramazon hayiti munosabati bilan namozxonlar safi yanada kengaygan.
«Ramazon hayitiga yetkazgan bugungi shunday fazilatli kunda o‘zining baytiga jamlagan Allohu haq subhanuh taolloga hamdu sanolar bo‘lsin. Abu Hafs Ahmad ibn Hafs ibn Zibarqon ibn Abdulloh ibn Bahr al-Kabir al-Ijliy al-Buxoriy al-Faqih al-Hanafiy nomidagi bu manzil bugun yirik ziyoratgohga aylangan. Ul zot Hanafiy mazhabiga e’tiqod qilishimizga sababchi bo‘lgan, Buxoroni sharif shaharga aylantirgan, Qubbatul islom qilgan. Bugun biz bu ulug‘ zotning marqatlari yonida namozlarga bosh egdik. Allohi taollo Buxoro shahridagi Abu Hafs Kabir jome’ masjidida jamoat bilan o‘qigan namozlarimizni, ibodatlarimizni qabul aylasin»,-dedi jome’ masjidi imom xatibi Akram Abdullayev.
Imom xatibning «Xabar.uz»ga bildirishicha, ushbu jome’ masjidda qayta qurish va obodonlashtirish ishlari 2009 yilning avgustida boshlangan. Abu Hafsi Kabirning qabrlari ustida hashamatli maqbara eski Buxorocha uslubida barpo qilingan. Namozxonlar va ziyoratchilar uchun kirish qismida zamon talablariga javob beradigan hashamatli yarim gumbazli masjid qurilgan. Qurilish ishlari yangi tahoratxona qurilishi bilan 2010 yil sentyabr oyida nihoyasiga yetkazilgan. Ziyoratgoh qabristondan devor bilan ajratilgan, bog‘lar tashkil qilingan va turli manzarali daraxtlar o‘tqazilgan, shuningdek, ko‘milib yotgan hovuz ochilgan. Qadimiy masjidning ichki qismi ham ta’mirlangan. 2017 yilda eski masjid ro‘parasidagi minora ayni ko‘rinishida qayta qurilgan.
«Abu Hafs Ahmad ibn Hafs ibn Zibarqon ibn Abdulloh ibn Bahr al-Kabir al-Ijliy al-Buxoriy al-Faqih al-Hanafiy hijriy 150 (milodiy 767) yili Buxoroning Fagsodara mahallasida tavallud topib hijriy 217 (milodiy 832) yilning muharram oyida shu yerda vafot etganlar. Qur’oni karimni yodlab, hadis va fiqh ilmlarini o‘rganib, ilmlarining yanada mukammal bo‘lishi uchun Bog‘dodga borib, hanafiy mazhabining asoschisi mujtahid Abu Hanifa No‘’mon ibn Sobit - Imom A’zam rohimahullohning taniqli shogirdi Imom Muxammad ibn Hasan ash-Shayboniy rohimahullohga shogird tushganlar»,-deydi Akram Abdullayev.
Tarixga ko‘ra, Hazrat Abu Hafsi Kabir Bog‘doddan Buxoroga qaytib, fiqh va hadis ilmini yuqori darajada rivojlantirgan. Yuz mingdan ortiq shogirdlari bo‘lgan. Hazrat Abu Hafs Kabir Bog‘doddan qaytganda, Buxoroda otashparastlar ko‘p bo‘lgan va bu zot sharofati bilan otashparastlar islom dinini qabul qilgan.
«Buxoroi Sharif shu zot barakotlari sababli Qubbatul Islom, ya’ni islom dinining markazi, deb atalgan. Imom Al-Buxoriydek zot shu kishidan ta’lim olganlar. Katta shogirdlari va ilmlarining merosxo‘ri buyuk olim Abu Hafsi Kabirning o‘g‘illari Abdulloh ibn Ahmad rohimahulloh bo‘lib, u kishini Abu Hafsi Sag‘ir, deya atashgan. Yana bir katta shogirdlari Abdulloh Supadmuniy rohimahulloh bo‘lib, u kishining qabrlari ham Abu Hafs Kabir hazratlarining yonida joylashgan»,-deydi suhbatdosh.
Bildirilishicha, «Fatovoi Abu Hafsi Kabir», «Kitob ul Imon», «Al-Ahvo‘ val ixtilof» (Havoyi gaplar va kelishmovchiliklar), «Ar-Raddu alal Lafziya» (Yuzaki qarovchilarga raddiya) va boshqa asarlarda Abu Hafs Kabirning ko‘plab fatvolari keltirilgan.
«Buxorodagi ilk madrasani ham shu zot ochganlar. U kishi va shogirdlarining harakatlari bilan o‘sha davrda bir nechta masjid va madrasalar ochilgan. X asr tarixchisi Muhammad Narshaxiyning «Buxoro tarixi» kitobida: «Imom Abu Hafs Kabir o‘z davrining faqihlaridan biridir, zohid va ham olim bo‘lgan», deyiladi. Abdulkarim as-Sam’oniyning aytishicha, Abu Hafs Kabir ko‘pgina faqihlarni tarbiyalab, kamolga yetishtirgan. Abu Hafs Kabirning sharofatlari ila Buxoroda fiqh shu darajada rivojlanganki, Buxoro faqihlari islom olamining asosiy shahri Bog‘dod faqixlaridan ustun bo‘lganlar. Narshaxiyning ta’kidlashicha, odamlar Bag‘doddan qaytgan paytlarida, Imom Abu Hafs al-Kabir al-Buxoriydan biror masalani so‘rash uchun ham kelishgan. Imom Abu Hafs al-Kabir ulardan: «Nima uchun Iroq olimlaridan so‘ramadingiz?»-deya ajablanib so‘ragan. Unga javoban: «Ulardan so‘radik, lekin ular javob berolmadilar, Iroq olimlari «Buxoroga borib, Imom Abu Hafs al-Kabir yo o‘g‘illari Abu Hafs as-Sag‘irdan so‘ranglar, deb aytishdi, deyishgan»,- deya so‘zida davom etadi imom xatib.
Ma’lumotga ko‘ra, Abu Hafs Kabir uyi yaqinidagi yangi darvozaga kiraverishda o‘ng tomonda Qurayshiylar ham masjidi joylashgan bo‘lgan. Mazkur masjidni Quraysh qabilasiga mansub payg‘ambarzodalardan Muqotil ibn Sulaymon al-Qurayshiy qurgan. Bu masjidda Arabistondan Abu Hafs Kabir rohimahullohdan ta’lim olish uchun kelgan tolibi ilmlar istiqomat qilishgan va o‘qishgan.
Abu Xafs al-Buxoriy vafotidan so‘ng uning mayiti eski shaharning qadimiy devorlaridan shimoliy g‘arbda joylashgan mozorga qo‘yilgan va maqbara o‘rnatilgan. Maqbaraning qibla tarafida o‘g‘illari Abu Abdulloh Muhammad hamda mashhur faqih izdoshlari dafn qilingan. Maqbaralar yonida xazira bo‘lgan xazirada masjid joylashgan va 3 ta chiroqxona bo‘lgan. Machit ayvonlik bo‘lib, devor qalinligi 80 sm bo‘lgan.
Shu-shu bu manzil muqaddas ziyoratgoh sanalgan va masjidning yonida «Darvozai Imom» yoxud «Haq darvozasi» deya nomlangan Haq yo‘li, ya’ni qabriston paydo bo‘la boshlagan.
Aytish joizki, ziyoratgoh Buxoro shahridagi eng serqatnov va gavjum ziyoratgohlardan biri sifatida e’zozlanadi. Buxoroliklar mazkur mozorda dafn qilinishni o‘zlariga faxr, deb bilishadi.
Yillar o‘tgan sari odamlarning vafot etgach, ushbu qabristonga dafn qilinishi talabiyati ortib, hatto, o‘limidan oldin «joy» egallab olib qo‘yish seravj pallaga kirgan. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, 2019 yilning oxiri 2020 yillar boshida ushbu qabristonda 1700 dan ortiq «egasiz» sag‘analar topilgach, 17 gektardan ortiq maydonni egallagan qabriston qabrlari xatlovdan o‘tkazilgan. 18 mingga yaqin qabrlar borligi aniqlangan. Qabrlarning 70 foizidan ortig‘iga o‘ta og‘ir va katta, keng marmar toshlar, ustiga-ustak, soyabonlar o‘rnatilgani muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Shundan so‘ng Hoja Imom Xafsi Kabir Buxoriy qabristonida keng miqyosda xatlov va tozalov, shuningdek, qurilish-ta’mirlash va sozlash, obodonlashtirish ishlari boshlanib ketgan. Mehnat kuchi jalb etilgan. Qabrlar atrofiga 1,5x2 metrdan ziyod qilib o‘rnatilgan temir panjaralar 60 santimetrdan ortiq bo‘lmagan shaklga keltirilgan. Yo‘laklarga oqtoshlar yotqizilib, o‘tganlar xotirasiga tilovat o‘qish uchun o‘rindiq va soyabonlar o‘rnatilgan. Bundan tashqari, eski devorlar qayta tiklanib, qabriston atrofidagi yo‘llarga asfalt yotqizilgan.
«Islom dunyosining yuksak madaniyati va sivilizatsiyasi rivojiga unutilmas hissa qo‘shgan Hoja Imom Xafsi Kabir Buxoriyning hayot yo‘liga nazar tashlanadigan bo‘lsa, O‘zbekiston islom sivilizatsiyasida bu buyuk zotning hissasi ulug‘ va beqiyos. Nafaqat, muborak kunlarda, balki har kuni, har soatda yuzlab odamlar bu ulug‘ dargohni ziyorat qilib ketishadi. Barchamizda Ramazon hayiti muborak bo‘lsin!»,-dedi jome’ masjid imom xatibi Akram Abdullayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter