Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosqinlardan omon chiqqan Minorai kalon

Bosqinlardan omon chiqqan Minorai kalon

Buxoroyi sharifga ziyoratga kelgan sayyoh borki, 9 asrlik tarixga ega, balandligi 47,5 metr, aylanmasi 36 metr bo‘lgan mahobatli Minorai kalonni ko‘rmay ketmaydi. Masjid va madrasalarsha tutash qilib qurilgan ushbu minorani tiklashdan maqsad aslida, odamlarni namozga chorlash bo‘lgan. Ammo, ushbu minoraning lug‘aviy ma’nosi arab tilidan olingan bo‘lib, «mayoq» degan ma’noni anglatadi.

Asrlar davomida shaharga keluvchi karvonlar uchun yo‘lchi yulduz, mayoq vazifasini o‘tagan Minorai kalon, ya’ni buyuk me’moriy yodgorlik - Katta minora Qoraxoniylarning so‘nggi hukmdori bo‘lgan Amir Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon tomonidan XII asrda, aniqrog‘i,  1124-1127 yillarda qurdirilgan.

Tarixiy manbaalarda aytilishicha, Minorai kalon atrofidagi hovlilardan birida Minora bunyodkori usta Baqoning qabri joylashgan. O‘sha manzil Minora soyasining eng yuqori nuqtasi tushadigan joy hamdir. Ustaning qabri nega aynan bu yerda joylashganining sababini u o‘z vasiyatida bitib qoldirgan: «Mening jasadimni minorai kalon  yonidagi hovliga ko‘ming, agar minora qulasa, mening qabrim ustiga qulasin, suyaklarimni mayda-mayda qilsin. Lekin, xudo shohid,  qiyomatgacha minora qulamaydi»

«Chindan ham Minorai kalon asrlardirki, viqor va salobat bilan o‘z o‘rnida mustahkam turibdi. Buxoroning 1102-1130 yillardagi hukmdori Arslonxon Qoraxoniy shahar atrofidagi suvsiz sahrolarda karvonlar adashib, halok bo‘lishi oqibatlarini o‘ylab, shaharda  eng baland  inshoot qurdirishga qaror qilgan. Yuzlab sara ustalar  orasida Usta Baqoning loyihasigina unga manzur bo‘lgan va shu asnoda minoraning qurilgan»,-deydi  Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti vazifasini bajaruvchi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shavkat Bobojonov.

Suhbatdoshning bildirishicha, muhandis va me’mor usta Baqo loyihasi asosida tiklangan Minorai kalon poydevori tosh va maxsus qir qorishmasidan terilgan. Yer sathidan 9 metr chuqur, balandligi salkam 50,0 metr, kursisi qirrador, tanasi g‘o‘lasimon, tepasi gumbazli davra qafasa-ko‘shk bilan bog‘langan. Minora yuqoriga ingichkalashib borgan va muqarnas bilan tugagan. Qafasasidagi 16 ravoqli darchalar orqali atrofni kuzatish mumkin. Tepaga minora ichidagi 104 aylanma zina orqali chiqiladi.Masjidi kalon  kalon tomonidan minoraga o‘tiladigan ko‘prikcha bo‘lgan. Minoraningo‘zagi ham, bezagi ham chorsi g‘isht bilan terilgan.Naql qilinishicha,  Usta Baqo Minorai Kalonni qurishda suv o‘rnida tuyaning suti, tuxumning oqidan foydalangan.

«XX asr boshlarida Buxoroda 220 ta guzar bo‘lgan bo‘lsa, deyarli, hammasi katta-kichik minoralar mavjud bo‘lgan. Bir-biridan bo‘y talashib turgan minoralarning ko‘pligi, bir-biriga parallel turib, go‘zal me’mori kompozitsiyani tashkil etgani sababdan ham shahar «minoralar shahri» deya ta’riflangan. Hozirda 17 minora saqlanib qolgan. Ular orasida Minorai kalon mahobati, salobati, mustahkamligi, qadimiyligi, go‘zalligi va shaharning markaziy maydonida qad rostlagani bilan ajralib turadi.

Buxoroda minor ustalar bo‘lgan. Minora qurish bo‘yicha ustoz-shogird maktabi an’analari faoliyat yuritgan. Ularni minorasoz usta, minorsozlar, deb atashgan. Boshqa vohalarni bundan ustalar avlodi yoki hunar turini, deyarli, uchratmaymiz»,-deydi Shavkat Bobojonov.

Tarixiy manbaalarga ko‘ra, 1920-yilda Buxoroga bostirib kirgan Frunze boshchiligidagi qizil askarlar ham yerdan, ham osmondan turib, minoraga zarba berishgan. Buxoroni uch kun davomida samolyotlarning kerosin va benzini tugagunga qadar bombardimon qilishga buyruq berishgan. Mahalliy aholi aeroplanlarni oldin ko‘rmagani uchun «temir qanotli qushlar», bombardimon kunlari esa «kichik qiyomat» deb atashgan. Buxoroning yetmish foiz san’at asarlari, me’moriy obidalari, masjidu madrasalari, an’anaviy turarjoylari portlatib yuborilgan. Shahar uch kun davomida yongan. Minoraning bir necha joylari “jarohatlangan”. Lekin Frunzening to‘plari ham Minorani qulatolmagan.

«Har doim Buxoro tarixini o‘rganish davomida aynan shahardagi bu bosqinni ko‘z yosh bilan o‘qiyman. «Buxoro amirligini qulatish operatsiyasi» juda og‘riqli kechgan. Ko‘plab me’moriy obidalar qatorida Minorai kalon ham juda og‘ri talofat ko‘rgan. Ammo, to‘liq yiqita olishmagan. Bunda betakror usta Baqo va tajribali qurilish ustalarining mahoratiga tan berish mumkin.Buxoro amirligini qulatish operatsiyasida qatnashgan uchuvchilardan biri o‘zining Nijniy Novgoroddagi gazetada e’lon qilgan xotiralarida shunday maqtanib yozgan: «Biz har gal Buxoro Arkni bombardimon qilardik. Undan  ortib qolgan bombalarni esa Masjidi Kalon va Minorai kalon ustiga tashlardik». Bu chinakam vandalizm, yovvoyilik, vahshiylik, san’atni, madaniyatni ko‘rolmaslik. Yigirmanchi yillarning mudhish kunlari o‘rta asrlartakrorlanmas maftunkor shahri Buxoroyi sharifni vayronaga aylantirishgan»,-dedi suhbatdosh.

Shavkat Bobojonovning bildirishicha, sobiq Ittifoq davrida ham Minorai Kalonni kamsitish odat bo‘lgan. Buyuk inshootni “«Minorasi» deb aytishgan va kitoblarga ham yozishgan. 1929-yildan so‘ng Minorai Kalondan azon aytish ta’qiqlangan. Uning atrofi didsizlik bilan asfaltlangan. Minora zaxga yem bo‘la boshlagan.U Minorai kalonning turli bosqinlarga bardoshliligi haqida so‘zlar ekan, qizil imperiyaning mo‘g‘ullardan ko‘ra, vahshiyroq ekanini sharhlaydi.

«Minorayi kalonni jozibali hamda nafis qilib bezash maqsadida uning belbog‘ida g‘ishtlarga shakl berish yo‘li bilan naqshinkor halqalar hosil qilingan. Bezaklar bir-birini aslo takrorlamaydi. Minoraning belbog‘ida ko‘fiy yozuvlar bilan «Yunus surasi»ning 107-109-oyatlari bitilgan.E’tibor qiling, hatto, biz tarixda vayronakor sifatida tanigan mo‘g‘ullar ham qizil imperiya singari vahshiy va bosqinchi bo‘lishmagan. Tarixiy manbaalarda zikr etilishicha, 1220-yil mo‘g‘ul qo‘yinlari Buxoroyi sharifga kirganida, juda ko‘p joylarni vayron qilishgan bo‘lsa-da, Buxoro minorasining balandligi va mahotidan hayratda qolib, unga ta’zim aylashgan ekan. Oyatlarni o‘qib, iymon keltirishgan. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu ulug‘ me’moriy obida ko‘plab qonli bosqinlardan omon chiqqan»,-deydi suhbatdosh.

Naql qilinishicha, Chingizxon Buxoroga kelib, barcha osori-atiqalarni yer bilan yakson qilgach, Minorayi kalon qarshisiga kelib, uning tepasiga qaraganda, bosh kiyimi yerga tushib ketgan. Va Chingizxon umrida birinchi bor seskangan va bu bu ulug‘, mo‘’tabar inshootni buzishga jur’at kila olmagan.

«Minorai kalon shunchaki toshdan bunyod etilgan obida emas, u – mo‘ysafid, donishmand Buxoro – yog‘iylarga bo‘yin egmagan, bosqinchilarga tobe bo‘lmagan betakror me’moriy obidadir.  Minorai kalon xalqaro tashkilotlar tomonidan berilgan e’tibor sabab YuNESKO tashkilotninig Butun Jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan», - deydi Shavkat Bobojonov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring