Bolalarni zo‘ravonlikdan asrashda ularga ham himoya orderi berish rejalashtirilyapti
Adliya vazirligi «Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.
Mazkur qonun loyihasiga ko‘ra, jismoniy zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik, ruhiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya hamda bulling bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllari hisoblanadi. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarini sodir etish taqiqlanadi hamda qonunga binoan ta’qib qilinadi.
Davlat bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida tegishli huquqiy, ma’muriy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlarni ko‘radi, shu jumladan bola va uning oilasini qo‘llab-quvvatlash, bolalarga nisbatan va ular o‘rtasida zo‘ravonlikni aniqlash hamda oldini olish uchun zarur bo‘lgan samarali mexanizmlarni yaratadi, zo‘ravonlikning har qanday shakli haqida xabar berish, ushbu faktlarni tekshirish, javobgarlik muqarrarligi, zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarni reabilitatsiya qilinishi va ularning huquqlari tiklanishi hamda ijtimoiy moslashuvini ta’minlaydi.
Shuningdek, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning quyidagi umumiy chora-tadbirlari belgilanmoqda:
- himoya orderini berish;
- zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, shuningdek o‘zlariga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalarga huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam ko‘rsatish;
- zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, shuningdek o‘zlariga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalar oilalarini mustahkamlash va qo‘llab quvvatlash;
- bolani ota-onadan (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslardan) yoki ularning biridan, o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan olish;
- zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturlaridan o‘tish;
- jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning huquqlarini cheklash.
Bolalarni zo‘ravonlik qurboni deb topishga uning murojaati, uchinchi shaxslarning xabarlari, zo‘ravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish faktlarining tegishli davlat organlari va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi, OAV, Internet butunjahon axborot tarmog‘i, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlar xabarlari hamda davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan kelib tushgan ma’lumotlar asos bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, hozirda O‘zbekiston qonunchiligida zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarga himoya orderi berish amaliyoti mavjud.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter