Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ayrim daryolardan qum-shag‘al qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi

Ayrim daryolardan qum-shag‘al qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi

Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materialarini qazib olishga muddatsiz moratoriy o‘rnatiladi. O‘zbekiston Prezidentining «Suv havzalarida noruda materiallarini qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida shu haqida ma’lum qilindi.

Farmonga ko‘ra, endilikda daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suv muhofaza zonalaridan qum-shag‘al materiallari qazib olish faqat «E-auksion» elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi.

Moratoriy davrida daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suv muhofaza zonalaridan qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun jarima miqdori 10 baravarga oshiriladi. Shuningdek, jazo choralaridan biri sifatida huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilish jazosini belgilash ham rejalashtirilgan.

Ekologiya vazirligi daryo o‘zanlaridan qum-shag‘al materiallarini qazib olishni «Xavfsiz daryo boshqarmasi» davlat muassasasi, Ekologik nazorat inspeksiyasi hamda Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi hamkorligida monitoring qiladi va doimiy reydlar o‘tkazib, tartibni buzgan shaxslarga nisbatan choralar ko‘rib boradi.

Bundan tashqari, qum-shag‘al qazib olish borasida yangidan litsenziya berish jarayoni to‘xtatildi. «Xavfsiz daryo» DUK tomonidan ilgari berilgan litsenziyalar esa tekshirildi. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgan holatlar aniqlanib, noqonuniy litsenziyalar bekor qilindi. Shuningdek, yangi konlar faoliyatini kamchiliksiz yo‘lga qo‘yishga alohida ahamiyat berilmoqda. Bu konlar qum-shag‘al narxlarining qimmatlashishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Farmonga muvofiq, vazirlik tomonidan quyidagi chora tadbirlar amalga-oshiriladi:

— yer usti tabiiy suv ob’yektlarining o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suv muhofaza zonalarida noruda materiallarini qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan barcha sub’yektlar tomonidan tegishli majburiyatlarning bajarilishi qat’iy nazoratga olinadi;

— daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suv muhofaza zonalaridagi buzilgan yerlar bosqichma-bosqich rekultivatsiya qilinadi;

— tabiiy landshaftni qayta tiklash, obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratiladi.

Qolaversa, tog‘ va tog‘ oldi hududlarida muqobil noruda foydali qazilma konlari va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi. Dastur daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suv muhofaza zonalarida joylashgan noruda materiallarini qayta ishlash korxonalarini tog‘ va tog‘ oldi hududlariga yoki ushbu hududlarning yaqinida joylashgan kichik sanoat zonalariga ko‘chirish, tadbirkorlik sub’yektlariga shart-sharoit yaratish maqsadida qo‘shimcha kichik sanoat zonalarini tashkil qilish va ularda muhandislik-infratuzilma ob’yektlarini barpo etish kabilarni o‘z ichiga oladi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, bugungi kunda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan barcha muammolarni tizimli hal qilishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, chiqindilar boshqaruvida o‘zgarishlar yo‘lga qo‘yilib, buning natijasi o‘laroq davlatimiz rahbarining chiqindilarning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan farmoni qabul qilindi.

Prezidentning 2023 yil 31 maydagi qarori bilan “Xavfsiz daryo” davlat unitar korxonasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tasarrufiga o‘tganidan keyin daryo o‘zanlarini muhofaza qilish borasida ham qator o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi ishchi guruh Zarafshon, Sirdaryo va Chirchiq daryosiga borib, u yerlardagi ekologik vaziyatni o‘rgandi. Dron va boshqa texnik vositalar yordamida suratlar qayd qilinib, muammolar batafsil tahlil qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-2022 yillarda Chirchiq daryosida o‘zan tozalash va qum-shag‘al materiallarini qazib olish bilan 103 ta tadbirkorlik sub’yektlari shug‘ullanib kelgan bo‘lsa, hozirgi kunda Toshkent viloyat va Toshkent shahri hududidan oqib o‘tgan Chirchiq daryosi o‘zanini tozalash va qum-shag‘al materiallarini qazib olish yo‘nalishida 40 ta tadbirkorlik sub’yekti faoliyat yuritib kelmoqda. Bu o‘z navbatida Chirchiq daryosida o‘zan tozalash va qum-shag‘al materiallarini qazib olish bilan shugullanuvchilarning soni 61,5 foizga kamayganligini ko‘rsatmoqda.

Qayd etish joizki, 2023 yilda Ekologiya vazirli tomonidan kiritilgan talabnomalarga asosan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi 12 ta foydali qazilmalarni qazib olish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektining litsenzilarini bekor qilish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalarini kiritgan.

Bundan tashqari, “Xavfsiz daryo boshqarmasi” DM bilan Chirchiq daryo o‘zanini tozalash va qum-shag‘al materiallarini qazib olish belgilangan talbalarga rioya etilmaganligi sababli, 3 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yekt bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilindi.

Vazirlik tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida Respublika bo‘yicha daryolarda noqonuniy qum-shag‘al qazib olish bilan bog‘liq 303 holatda 268 nafar shaxsga nisbatan 68 mlrd so‘mlik choralar ko‘rilgan bo‘lib, shundan 42 holat bo‘yicha 45 mlrd so‘m miqdorida tabiiy muhitga zarar yetkazilganligi uchun prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring