Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ayrim turdagi yer uchastkalari aksionda yangi tartibda sotiladi

Ayrim turdagi yer uchastkalari aksionda yangi tartibda sotiladi

Joriy yil 1-maydan boshlab, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini sotishni tezlashtirish va ular negizida ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) ob’yektlarini ishga tushirishni rag‘batlantirish maqsadida ularni auksionda sotishning yangi tartibi amaliyotga tatbiq etiladi.

Ya’ni, auksion savdolariga chiqarilgan yer uchastkalari (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) uch oy davomida sotilmaganda, ularning boshlang‘ich narxi 30 foizgacha, olti oy davomida sotilmaganda esa 10 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytiriladi va sotib olish to‘lovlarining 15 foiz to‘lovlarini uch oy muddatda, qolgan qismini 10 yilgacha muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.

Bu borada Prezidentning «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida gap boradi.

Qaror bilan, shuningdek, ixtisoslashuvi hamda kichik biznes uchun mavjud sharoitdan kelib chiqib 4 va 5-toifalarga kiritilgan tumanlarda joylashgan davlat aktivlari hamda mulk huquqi asosida sotib olingan yer uchastkalari bo‘yicha dastlabki to‘lov summasi 35 foizdan kam bo‘lgan hollarda qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi bo‘yicha foizlarni hisoblash tartibi bekor qilinadi. To‘lovlarni esa, miqdoridan qat’i nazar, 5 yil ichida teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yish uchun amalga oshiriladigan dastlabki to‘lov miqdori 35 foizdan 15 foizga pasaytiriladi.

Qolaversa, Hukumat qarori bilan tasdiqlanadigan rejaga muvofiq xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yo‘llari bo‘yida joylashgan yer uchastkalarida zamonaviy servis va savdo-maishiy ob’yektlarni barpo etish uchun master-reja asosida yer uchastkalari ularning toifasidan qat’i nazar auksion savdolariga chiqariladi.

Davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘sh yer uchastkalariga nisbatan esa tuman (shahar) hokimliklarining qarzdorliklari bo‘yicha taqiqlar tatbiq etilmaydi, ushbu yer uchastkalari auksion savdolarida sotilganida, xaridorlarga to‘siqsiz rasmiylashtirib beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring