Ayrim toifa o‘qituvchilar Janubiy Koreyada tajriba oshirishi mumkin
Maktablarda koreys tilidan dars berayotgan o‘qituvchilar endi Janubiy Koreyada tajriba oshirishi mumkin. Bu haqda maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, «O‘qituvchilar almashinuvi Koreya-O‘zbekiston 2024» loyihasida ishtirok etish uchun o‘qituvchilar oliy ma’lumotli hamda ta’lim muassasasida koreys tilidan dars berayotgan bo‘lishi kerak.
Loyiha bo‘yicha 5 nafar o‘qituvchi tanlab olinadi. Ular Koreyada 2024-yilning 1-martidan 2025-yilning 28-fevraliga qadar faoliyat yuritishadi.
Nomzodlar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi, koreys tilidan (TOPIK) sertifikatga, Ta’lim markazi yoki King Sejong institutida koreys tili kurslarini tamomlaganlik sertifikatlari va boshqa sertifikatlarga ega bo‘lishi, hamda Koreya vizasini olishda cheklovlari bo‘lmagan pedagoglar bo‘lishi kerak.
Shuningdek, ularga oldingi ish joylariga qaytgandan keyin kamida 4 yil ishlab berish majburiyati yuklanadi.
Loyihada g‘olib bo‘lganlarga ikki tomonlama aviachiptalar, har oylik maosh, turar joy va tibbiy xizmat to‘lovlari to‘lab beriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter