AQSh O‘zbekiston chegarachilariga maxsus kuzatuv uskunalarini sovg‘a qildi
17-yanvar, seshanba kuni AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik O‘zbekiston DXX Chegara qo‘shinlariga 225 dona «FLIR» infraqizil monokulyar taqdim etdi.
Chegara qo‘shinlari nomidan uskunalarni polkovnik Baxtiyor Mansurov qabul qilib olgan.
Ushbu kuzatuv uskunalari AQSh davlat departamenti moliyalashtiruvchi Yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanish jamg‘armasi doirasida sovg‘a qilingani aytildi.
Qayd etilishicha, qiymati 600 ming dollarga teng uskunalar AQShning xavfsizlik sohasida O‘zbekistonga ko‘rsatayotgan yordamining bir qismi hisoblanadi.
«2001-yilda AQSh va O‘zbekiston ilk bor mudofaa sohasi va qurollar tarqalishining oldini olish to‘g‘risidagi bitimni imzolagandan buyon, mamlakatlarimiz yadroviy, biologik, kimyoviy va radiologik materiallar tarqalishiga qarshi kurashish, shuningdek, chegara xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha to‘la huquqli sherik bo‘lib kelmoqda. Bugun biz hamkorligimizning navbatdagi bosqichini nishonlashdan mamnunmiz va umid qilamizki, ushbu topshirilayotgan kuzatuv uskunalari O‘zbekiston davlat chegarasini muhofaza qilish va «yashil chegara»ni qo‘riqlashda chegara qo‘shinlarining imkoniyatlarini oshiradi hamda chegaradagi voqea-hodisalarga tezkor javob qaytarish imkonini beradi», – deyiladi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xabarida.
Ma’lumot uchun, 1994-yili tashkil etilgan Yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanish jamg‘armasi AQSh hukumatiga zudlik bilan qaror qabul qilishni talab etuvchi qurol tarqalishining oldini olish va qurolsizlanish sohasidagi kutilmagan va murakkab vaziyatlarda operativ javob qaytarishga imkon yaratadi. Ushbu jamg‘arma ishni ishonchli, xavfsiz va tejamkorlik bilan amalga oshirishda strategiya ishlab chiqish, muzokaralar olib borish, dasturlarni boshqarish, moliyaviy operatsiyalar va shartnomalarni bajarish bo‘yicha katta tajribaga ega.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter