Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Antistrumin»: milliardlik shartnomalar, shishirilgan narx va qidiruvdagi ta’sischi

«Antistrumin»: milliardlik shartnomalar, shishirilgan narx va qidiruvdagi ta’sischi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida bog‘cha va maktab yoshidagi bolalarning avval Chustda, keyinroq esa respublikaning boshqa hududlarida Kaliy yodid 1 mg (0,001 g) №100 (Antistrumin) dori vositasidan zaharlangan bolalar mavzusi ayni muhokamada.

Jamoatchilikda paydo bo‘layotgan savolarning ochiq qoldirilayotgani, qolaversa, voqea joyiga borgan SSV vaziri Inoyatov, o‘rinbosari Bositxonova yoki o‘sha kuniyoq tuzilgani aytilgan tezkor shtab, mana oltinchi kundirki lom-mim demayotgani aholi o‘rtasida qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqarmoqda.

O‘z navbatida masalaning ochiq turgani ayrim faol jamoatchilik vakillarining bu boradagi izlanishlariga sabab bo‘lmoqda.

Masalan, SSV va yuqorida nomi keltirilgan dori preparati ishlab chiqaruvchisini qanday shartnomalar bog‘lab turishi haqida.

Davlat xaridlari elektron tizimi ma’lumotlariga tayanilsa, dastlab SSV ta’sischiligidagi «O‘zmedimpeks» MChJ Kaliy yodid 1 mg (0,001 g) №100 (Antistrumin) dori vositasini xarid qilish uchun 2022-yil iyun oyida «Samo» MChJ bilan 5 mlrd 644 mln so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzgan. 2023-yil 11-yanvarda esa ushbu shartnomaga 956 mln so‘mlik qo‘shimcha kelishuv qilingan. Har bir o‘rami 5 500 so‘mdan.

2023-yil 4-mayga kelib esa yana Antistrumin dorisi xaridi uchun xuddi shu MChJ bilan 15 mlrd 275 mln so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilgan. Ushbu shartnomalarga ko‘ra, jami 21 mlrd 875 mln so‘m mablag‘ evaziga «Samo» MChJ 3 mln 550 ming miqdorda Antistrumin yetkazib berishi ko‘rsatilgan. Ammo bu safar narxlar har o‘rami uchun 6 500 so‘mdan (narxni eslab qoling, bu haqda pastroqda to‘xtalamiz).

Bu yerda e’tiborli jihatlaridan biri shartnomalarning hech qanday tender o‘tkazilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilganligi holati bo‘lib, bunga Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertiza qilish markazining «O‘zmedimpeks» MChJga 2023-yil 12-mayda yo‘llagan xatida «javob beriladi».

Ya’ni, Markazning bildirishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-iyuldagi 473-sonli qarori 2-bandi 2-xatboshisiga asosan Ro‘yxatning 18-bandi (Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha dori vositalari va tibbiyotda qo‘llaniladigan buyumlar.)ga ko‘ra, SSVga to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi va bu Markaz tomonidan majburiy ekspertizadan o‘tkazilmaydi.

SSV va «Samo» MChJning o‘zaro kelishuvlari shu bilan (qariyb 22 mlrd so‘mlik shartnomalar) to‘xtab qolmagan.

2022-yilning 18-iyulida imzolangan shartnomaga ko‘ra, «O‘zmedimpeks» MChJ 25 mlrd 20 mln so‘m evaziga va albatta to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali «Samo» MChJdan 278 ming birlikdagi «Aferol» dori vositasini har birini 90 ming so‘mdan sotib oladi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov vazirlik va ishlab chiqaruvchi o‘rtasida tuzilgan shartnomada ko‘rsatildgan narxlarga shubha bilan qarayapti. Uning aytishicha, xuddi shu dori chakana savdoda va xuddi shu ishlab chiqaruvchi tomonidan 28003000 so‘mdan taklif qilinmoqda.

«Yo‘q, gap bu yerda Antistrumin 11 oy ichida 18,2 foizga qimmatlaganida ham emas, axir o‘zbek chinovniklari doim rasmiy inflyasiyadan 2 karra oldinroq yuradi», – deya kinoyasini yashirmaydi Bakirov.

O‘z navbatida, SSVga daxldor mas’ullar, jumladan Namanganda OAV vakillariga holat bo‘yicha ma’lumot berishdan, bog‘cha va maktab yoshidagi farzandlari bo‘lgan ota-onalarga biror yo‘riqnoma berishdan o‘zlarini tiyib turibdilar.

Bu esa jamoatchilik orasida yana va yana savollarni paydo qilaveradi.

Ma’lumot uchun, avvalroq «Samo» MChJ ta’sischilaridan biri Nodir Yunusov AQSh bojxona va immigratsiya nazorati xizmati tomonidan qidiruvga berilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. U odam savdosi va firibgarlikda ayblangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring