Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

20 turdagi musobaqada o‘rin olgan sportchilarga stipendiya beriladi – loyiha

20 turdagi musobaqada o‘rin olgan sportchilarga stipendiya beriladi – loyiha

20 turdagi musobaqada o‘rin olgan sportchilarga stipendiya berish haqida Yoshlar siyosati va sport vazirining buyrug‘i tayyorlanyapti.

Unga ko‘ra, kelgusida Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha O‘zbekistonning sport terma jamoalari asosiy yoki zaxira tarkibiga kiritilgan hamda tegishli mezonlarga mos keluvchi sportchilarga har oylik to‘lov shaklida stipendiya tayinlanadi.

Qayd etilishicha, mas’ullar har chorak birinchi oyining 5-sanasiga qadar tegishli mezonlar asosida sport terma jamoalari tarkibidagi sportchilardan stipendiyaga nomzodlar ro‘yxatini tuzadi va Stipendiya komissiyasiga taqdim qiladi.

Stipendiyalar stipendiya tayinlash va to‘lash to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan oydan boshlab, bir yil muddatga, mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdorida tayinlanadi.

Shuningdek, stipendiyani tayinlash va to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar, 2023-yil oktyabr oyidan boshlab, «sportchi» lavozimi uchun belgilangan ish haqi, terma jamoalar va ularning zaxirasi, sportchilar energiya sarfini qoplash va jismoniy resurslarini tiklash uchun ajratiladigan maqsadli to‘lovlarni maqbullashtirish hisobidan qoplanadi.

2024-yildan boshlab esa mazkur xarajatlar Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Vazirlikning xarajatlari smetasida nazarda tutiladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur stipendiya Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sovrindor bo‘lganligi uchun umrbod oylik to‘lovlar tayinlangan sportchilar hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi mablag‘lari hisobidan stipendiya ko‘rinishida har oyda to‘lanadigan to‘lovlar tayinlangan sportchilarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring