Yo‘ldoshbek qorining ajdodi Xiva xonligida o‘tkazilgan qorilar musobaqasi g‘olibi bo‘lgan (video)
2018-yilgi Qur’on musobaqasi mutlaq g‘olibi Yo‘ldoshbek qori Ibrohim o‘g‘li Nuriddinov Qoraqalpog‘istondagi buyuk diniy sulola vakilidir. Uning ajdodi Yunus qori Xiva xonligida o‘tkazilgan qorilar musobaqasida (taxminan 1897-yilda) qatnashib, sovrinli o‘rinni egallagan. Yunus qorining qiroatidan g‘oyat ta’sirlangan xon Said Muhammad Rahim Bahodirxon (Feruz) shu paytda unga o‘z otini sovg‘a qilgan...
Ma’lumotlarga ko‘ra 1873-yilda faqatgina Amudaryoning o‘ng tarafining o‘zida 600 dan ortiq madrasa va masjidlar bo‘lgan. Bu o‘sha paytdagi nufus bo‘yicha har 216 kishiga bittadan masjid to‘g‘ri keladi degani. Ulardan biri Taxiatosh tumanidagi Muhammadmurod eshon masjididir.
Bu masjid asosan Boboniyoz oxund Abdurahmon o‘g‘li davrida judayam obod, mashhur madrasa-qorixona bo‘lgan. Bunga dalil sifatida Boboniyoz oxundga Xiva xoni Said Muhammad Rahim Bahodirxon tarafidan tuhfa qilingan 100 tanob yer haqidagi yorliqni keltirish mumkin. Hijriy 1294-yil muharram oyining 16-sanasida yozilgan bu yorliq juda katta ilmiy ahamiyatga ega. Yorliq ko‘lami 22x33 sm, nasta’liq uslubida yozilgan, qog‘ozi sariq rangli bo‘lib, ko‘p saqlanishi natijasida pastki qismlari shikastlangan. Bunday hujjatlardan asl holida bir nechtasi saqlangan.
Muhammad Murod eshon nomi hijriy 1307 va 1335-yilgi hujjatlarda «Muhammadjon maxsum ibn Boboniyoz oxund marhumi» deb keltiriladi. Keyinchalik madrasa shu kishining nomi bilan yuritilgan. Katta o‘g‘illari Jumamurod oxund esa otasidan ilm o‘rganib, keyinchalik xonlikning Ollohqulixon madrasasida ta’lim olib, so‘ng o‘zi o‘qigan madrasada ustozlik qilgan. Bu haqida marhum Abduxoliq qori shunday deydi: «Men ham Xivada Ollohqulixon madrasasida o‘qidim, Jumamurod akamiz ham ustozlar qatorida mudarrislik qilar edi. Uning xon sovg‘a qilgan marhaba ismli hujralari bor edi. Ustozlar orasida obro‘li odamlardan biri edi».
Boboniyoz oxundning kenja o‘g‘li Yunus qori esa Ko‘hnaurganchda Zoyir (Zohir) qoridan ilm o‘rganib, keyinchalik Xivada Polvonniyoz qoridan Kalomullohni bir necha usulda o‘qish qoidalarini, arab, fors tillarini va Qur’onning bir necha tafsirini o‘qib-o‘rganadi.
Yunus qori xonlikda bo‘lib o‘tgan qorilar musobaqasida (taxminan 1897yili) qatnashib, sovrinli o‘rinni egallagan. Bu haqda uning shogirdlaridan biri Nuriddin qori shunday hikoya qiladi:
— Hafs qiroatidan tashqari yana bir necha qiroatda o‘qib berganidan keyin ta’sirlangan xon Said Muhammad Rahim Bahodirxon (Feruz) o‘rnidan turib o‘zining to‘nini Yunus qoriga kiydirgan va ot olib kelishlarini amr qilgan. Keltirilgan otga qarab, o‘zining otini keltirishni buyurgan. Yunus qorini xon o‘z otiga mindirib, otning yuganidan ushlab shu so‘zlarni aytadi: «Men sen bilan qancha safarlarga chiqdim, seni qamchiladim, men seni yaxshi insonga berayapman, mendan rozi bo‘l».
Yunus qori Xivadan o‘z eli Kenegesga qaytar ekan, akalari Muhammadmurod, Xo‘jamurod, Yusuf maxsumlarga bir guruh ulamolar xushxabar yetkazib, qorini Eshonqal’a(Xalqabod shahri yaqinidagi qadamjolardan biri)ga mudarrislikka taklif etadilar. Akalari rozi bo‘ladi va yolg‘iz ketmasin deb Yusuf maxsum domlani ham qo‘shib yuboradi. Yusuf maxsum va asosan Yunus qori ilm o‘rganuvchilarga ustozlik qila boshlaydi. Yusuf maxsum Eshonqal’ada vafot etadi va Eshonqal’a qabristoniga dafn qilinadi.
Yunus qori o‘ta talabchan domla va qattiqqo‘l inson bo‘lgan. Shuning uchun ham u yuzdan ziyod iste’dodli qorilarning ustozidir.
Eshonqal’aga Imom eshon avlodlari boshchilik qilar ekan, qoraqalpoq millatiga mansub bu kishilar o‘zbek millatiga mansub bo‘lgan Yunus qorini nihoyatda qadrlaganlar va Yunus qori va boshqa bir necha ustozlar qo‘li ostida bir necha millat vakillaridan qori-yu ulamolar chiqqan.
1913-yili Yunus qorining katta akasi Muhammadmurod domla vafotidan keyin Yunus qori o‘z o‘rniga shogirdi Abdulkarim qorini qoldiradi va o‘zi Taxiatosh tumani Keneges qishlog‘ida otasi Boboniyoz ohund madrasasida mudarrislikni davom ettiradi va bu yerda ham ko‘plab qorilarni yetishtirib chiqaradi.
Madrasada faqat diniy emas, balki dunyoviy fanlardan ham dars berilgan. Bulardan qissaxonlik, adabiyot, tarix fanlari va xalq og‘zaki ijodi og‘izma-og‘iz shu kungacha yetkazilganini misol qilishimiz mumkin. Shu bilan birga bu maskan ma’naviy-ma’rifiy jihatdan ham yetakchilik qilib kelgan. Bu borada qariyb 70 yil davom etgan sovet tuzumi keltirgan kulfatlar va qilgan qarshiliklariga qaramasdan saqlanib qolgan madrasa hujjatlari, arab yozuvida bitilgan eski adabiy kitoblar va dostonlarni yaqqol dalil sifatida ko‘rsatishimiz mumkin.
Hozirgi kunda Muhammadmurod eshon masjididagi bu manbalarni chet ellardan tarixchi, tilshunos olimlar va qiziquvchilar kelib o‘rganmoqda.
Boboniyoz ohund madrasasi o‘rnida qurilgan Muhammadmurod eshon masjidini shu yil yozda ta’mirlash rejalashtirilmoqda. Bu masjidning barpo qilinishida Ibrohim Jumamurodovning ulushi katta.
Yunus qorining shogirdi Nuriddin qorining o‘g‘li bo‘lgan Ibrohim Jumamurodov ko‘p yillar davomida Muhammadmurod eshon jome masjidining imomi vazifasini bajardi. Bu kishi 2001-yili diyorimizda o‘tkazilgan imomlar ko‘rik-tanlovida qatnashib, bepul haj yo‘llanmasi bilan taqdirlandi.
Ushbu sulola vakillari ta’lim olgan Muhammad al-Beruniy o‘rta maxsus islom bilim yurti 1992 yili Nukus shahrida faoliyatini boshladi. Bugungi kunda juda ko‘p faxrli insonlar ushbu bilim yurtini tugatib, xalqimizga xizmat qilib kelmoqda. Shular qatorida Boboniyoz oxundning duvarasi Yaqub qorini alohida ta’kidlash mumkin.
Yaqub qori 2005-yili yurtimizda o‘tkazilgan madrasalararo olimpiadada qatnashib, faxrli 2-o‘rinni egallagan. O‘qishni 2005 yilda imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Hozirgi kunda Muhammadmurod eshon jome masjidida imom vazifasida ishlamoqda. 2018-yilgi Qur’on musobaqasi 1-bosqichida faxrli 2-o‘rinni egalladi.
2007-yil 10-noyabr kuni Toshkent shahrining Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilinishi munosabati bilan Muhammadmurod eshon Boboniyoz oxund o‘g‘li qabri ustiga maqbara tiklandi.
Bu avlodning yana bir vakili, 2018-yilgi Qur’on musobaqasi mutlaq g‘olibi Yo‘ldoshbek qori Ibrohim o‘g‘li Nuriddinov 2011-yil 15 martda Toshkent shahridagi «Firdavs» jome masjidida bo‘lib o‘tgan an’anaviy qorilar ko‘rik-tanlovida 2-o‘rinni, 2012-yili 1-o‘rinni olgan. 2013-yili Kuvayt davlatida bo‘lib o‘tgan jahon qorilar musobaqasida ishtirok etgan.
Bu sulolaning yana bir vakili Shamsiddin Nuriddinov o‘tgan yili Muhammad al-Beruniy bilim yurtini tamomlab, bu yilgi Qur’on musobaqasining Qoraqalpog‘iston bosqichida faxrli 2-o‘rinni oldi.
Yesimqan Qanaatov
«Xabar.uz» ma’lumoti:
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda «Oltin qalam» tanlovi «Internet jurnalistikasi» yo‘nalishi bo‘yicha 2-o‘ringa sazovor bo‘lgan Yesimxon Qanaatov O‘zbekiston Milliy axborot agentligining Qoraqalpog‘iston bo‘yicha muxbiri sifatida ish boshladi. U bungacha Qoraqalpog‘iston axborot agentligining direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi. Undan avval Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining axborot xizmati rahbari sifatida faoliyat yuritgan.
Mavzuga doir:
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter