Yaponiya O‘zbekistonga madaniy merosni saqlash uchun ko‘mak ajratdi
Bugun, 15-noyabr kuni O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Yaponiya hukumati bilan «Buyuk Ipak yo‘li madaniy merosini raqamli arxivlash orqali saqlash» loyihasi bo‘yicha almashuv notasi va grant bitimini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qiymati 55,9 million iyenaga (taxminan 400 ming AQSh dollari) teng grant hujjati O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev hamda Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama tomonidan imzolandi.
Yaponiya elchixonasi matbuot xizmatiga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilganining 30 yilligida taqdim etilgan loyiha doirasida Madaniy meros agentligi, O‘zbekiston davlat tarix muzeyi va Termiz arxeologiya muzeyi kolleksiyalar hamda eksponatlarni asrash uchun uskunalar, shuningdek, raqamli arxivlash uchun zarur qurilmalar, shu jumladan, 3D skanerlar, 360 darajada suratga oladigan kameralar va boshqa jihozlar bilan ta’minlanadi.
O‘z davrida Yevroosiyo qit’asining qon tomiri bo‘lgan Buyuk Ipak yo‘li ko‘plab mamlakatlar qatori O‘zbekiston va Yaponiya xalqlarini mustahkam rishta bilan bog‘lagan. Yaponiya tomonidan aynan Ipak yo‘li hududidagi madaniy durdonalarni asrashga e’tibor qaratilgani ham ramziy ma’no kasb etadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 29-avgust kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari J.Xo‘jayev hamda Yaponiya elchisi Yo.Fujiyama tomonidan «Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish» loyihasi bo‘yicha almashuv notasi imzolangan edi. 15 yil muddatga (5 yil imtiyozli muddat) ajratilayotgan 200 mln dollar mablag‘ fermer xo‘jaliklari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillarining moliyaviy barqarorligini oshirishi ko‘zda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter