Xatirchining hayratli xarsanglari
Yurtimiz tabiati g‘oyat go‘zal va rang-barangdir. Fusunkor go‘shalar, ajoyib maskanlar har doim kishini o‘ziga rom etadi. Shiddatli quyunlarning bir zumda daryo va ko‘llar suvini ho‘plab ketishi, kuylovchi toshlar, uvillovchi tepaliklar, tebranuvchi xarsanglarni tomosha qilgan kishi olam-olam taassurot oladi.
Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi Sangijumon qishlog‘iga borsangiz, tabiatning betakror mo‘’jizasidan hayratga tushasiz. Chashmalardan qaynab chiqayotgan zilol suvlar, toshdan-toshga urilib pishqirib oqayotgan ariqlar, yam-yashil maysalar, qir-adirlarga poyandoz bo‘lib to‘shalgan alvon-alvon gullar bahri dilingizni ochadi. Shu bois issiq kunlar boshlanishi bilan bu qishloqdan ziyoratchilar qadami uzilmaydi.
Oqtov yon-bag‘rida bepoyon kengliklar bilan tutashib ketgan qishloqda noyob – tebranuvchi tosh bor. Uning mo‘’jizaligi shundaki, vazni 280 tonnadan ziyod bu toshni 12-14 yoshli o‘spirin ham bemalol qimirlata oladi. Qozonsimon bu xarsangning tebranganini sezish uchun yo soya kerak yoki toshning biqiniga bir cho‘p tirash kifoya. Hatto kuchli shamolda ham tabranuvchi bu toshning nomi – Sangijumon. Qishloq ham, mahalla ham shu nom bilan ataladi.
Tebranuvchi tosh – tabiatning nodir mo‘’jizasi. Bunday toshlar dunyo bo‘yicha Sangijumondan tashqari Buenos-Ayres va Quddus shaharlarida bor, xolos. Lekin shuni ta’kidlash kerakki, sayyoramizdagi boshqa birorta tosh na hajm, na tebranish va na amplituda jihatidan Sangijumon toshlariga tenglasha oladi.
Arxeologlarning ta’kidlashicha, Sangijumon 280 million yil avval yer qa’ridan ko‘tarilgan suyuq va qaynoq magmatik jinslardan paydo bo‘lgan. Ular o‘z vaqtida yer qobig‘ini yorib chiqa olmasdan, taxminan 250 million yil avval ma’lum chuqurlikda qotib qolgan. Sodir bo‘lgan kuchli va murakkab tektonik harakatlar hamda eroziya natijasida massivning to‘shi ochilgan. Bu yerdagi jinslar bundan kamida 10 ming yillar ilgari yuzaga chiqqan.
Dengiz sathidan 800-900 metr balandlikda joylashgan bu xarsang darani qoplab yotgan granit toshlarning yirik bir bo‘lagi. Toshning taxminiy hajmi 75-78 kub metr, og‘irligi esa 280 tonnadan ziyod.
— Tosh atrofi granit bo‘laklari, qum va gilsimon jinslar bilan qoplangan, – deydi tarixchi olim Ziyovuddin Qo‘ziyev. — Xarsangning o‘rni g‘arb tomonga 5-10 gradus chamasi qiya tushgan. Uning aylanasi 20 metr, diametri 9, balandligi esa 6 metrga yaqin. Toshning g‘arbiy tomoni ko‘p yemirilgan. Unda har xil chuqurliklar, izlar, ko‘zanakli to‘qimalar bor. Xarsangning beli ikki joyidan ko‘zdek o‘yilgan. Ularning uzunligi 2 metr, eni 1,5 metrga yaqin, chuqurligi 30-60 sm. «Ko‘zlar»ni ajratuvchi «burun»ning eni 1 metrdan ortiqroq, «ko‘zlar»ning pastki gardishi chuqur o‘yilgan. Atrofdan qaraganda xarsangtosh ko‘zoynak taqqanga o‘xshaydi.
Toshni tomosha qilgani kelgan mehmonlar dastlab uni bir kishi qimirlata oladi degan gapga shubha bilan qarashadi. O‘zlari buni amalda sinab ko‘rgach, toshning haqiqiy mo‘’jiza ekaniga tan berishadi. Hatto podadagi qoramollarning toshga ishqalanishi tufayli uning qimirlaganini ko‘rganlar bor.
Oqtovda tez-tez bo‘lib turadigan kuchli shamollar chig‘ir, chaqa va har xil mayda toshlarni uchiradi. Shamol natijasida har xil predmet va jismlarga borib urilgan tosh va zarrachalar jismlarni yemiradi, silliqlashtiradi, turli shakllar yasaydi.
Uzoq o‘tmishda, hatto hozir ham goh vodiydan, goh tog‘dan turli yo‘nalishda esadigan shamollar har xil zarrachalarni olib kelib Sangijumon xarsangiga urgan. Uchirilgan jismlar odatda shamolning pastki qatlamida, ya’ni yer yuzasiga yaqin qismida ko‘p bo‘ladi. Shuning uchun ham toshning yuqori qismiga nisbatan pastki qismi ko‘proq yemiriladi. Jarayonning uzoq davom etishi natijasida toshning pastki qatlami o‘yilib ketadi. Xarsangning ustki qismi bilan asosini birlashtiruvchi «ustun»ning yemirilgani shundan. Tosh yerdagi yassi turdoshi ustida ingichka va o‘tkir uchli uzilgan tayanchda likillab turadi. Shu bois uni osonlikcha qimirlatish mumkin.
Sangijumonliklarda yaxshi bir an’ana shakllangan: ziyoratga kelgan mehmonlarga tosh atrofidagi do‘lana va tut daraxti ostida bir piyola choy berilib, gurung qilinadi. Qimirloq tosh haqidagi hangomalar yodga olinadi.
— «Tebranuvchi va teshik toshning hurmati tufayli men ekkan kungaboqarlar qaysi tomonga o‘tsam, shu tomonga qarab menga salom beradi» derdi rahmatli Yo‘ldosh bobo, — deydi qishloq oqsoqoli Qahramon Boymurodov.
— Qaysidir yili Rayim bobo elga osh berib, qimirloq tosh darasida ko‘pkari qilganida odam sig‘may ketgandi. O‘shanda Tasmachidan kelgan 15 nafar chavandoz qo‘shni qishloq – Xilboshida yashaydigan Qoraqul bobonikida qo‘noqlagandi. Abdulahad bobo hammadan erta uyg‘onib, tashqariga chiqayotsa, uy bekasi salofan paket kiyib olib qurut ezayotgan ekan. Mehmonni ko‘rib xijolat bo‘lib turganida Abdulahad bobo «Kelin, hech xijolat tortmang. Hovlitog‘a bilan menga shirchoy, qolganlarga qurtoba» degan ekan, — deydi Qilich Shaymatov.
Tebranuvchi toshning yaqinida ikkinchi sirli xarsang – Teshiktosh bor. U o‘tmishda tebranuvchi tosh bilan tutashib, ulkan qoyani tashkil qilgan. Qoya bilan tebranuvchi tosh o‘rtasidagi yo‘lakdan o‘tayotib osmonga qarasangiz, o‘zingizni xuddi 15-20 metrli quduq ichida turgandek his etasiz. Bu toshni uzoqdan ko‘rgan kishi uni xuddi qo‘nayotgan burgutga o‘xshatadi. Eng qizig‘i, toshning pastki qismida teshik bor. Shu bois mahalliy aholi tabiatning betakror mo‘’jizasini Teshiktosh deb ataydi. Bu teshikdan o‘rta bo‘yli kishi bemalol o‘ta oladi. «Mana, necha asrdirki, bu teshik kishilarning gunohi bor yoki yo‘qligini isbotlab kelmoqda», — deya hazil qilishadi sangijumonliklar.
Teshiktosh yonidagi yassi tosh ustidagi ulkan oyoq izlari xarsanglarning tarixi juda uzoq o‘tmishga borib taqalishidan dalolat. Ba’zi rivoyatlarda Nuh kemasi Oqtovning eng yuqori cho‘qqisi – Langar tog‘ida langar tashlagani ta’kidlansa, boshqa birida Sangijumon qishlog‘idagi mazkur tosh kemaga o‘xshash keng granit maydoncha ustida to‘fon suvi qaytganidan so‘ng yerga ilk qadam qo‘ygan payg‘ambarning izlari qolgani aytiladi.
Bundan 300-400 metr g‘arbda balandligi 2 metrdan ziyod zamburug‘simon va kobraga o‘xshash toshlar ham mavjud. Bundan tashqari, Sangijumon qishlog‘ida yuzdan ziyod tabiatning noyob yodgorligi bo‘lgan toshlar – Childirmatosh, Kabutartosh, Qizil egartosh, Elchibaydukan, Tegirmontoshlar bag‘riga o‘yib yozilgan 6-7 ming yillik tarixga ega petrogliflar ibtidoiy san’atning nodir yodgorliklaridir.
Xullas, boy tarixga ega xarsanglar, toshbitiklar tasavvurimizni insoniyatning tarixdan oldingi davrlariga boshlab ketadi va qalbimizni shajara zanjirimiz o‘sha zamonlardan beri uzilmay kelayotganidan hayratga to‘ldiradi.
Tolibjon Nizomov,
jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter