Ayriliq
– Dada, oyimni kasalxonaga olib ketgandingiz nega kelmayapti?
– ...
– Oying ukacha olib keladi, degandingiz ukacha keldi, oyim kelmadiku.
– ...
Salkam bir haftadan beri 3 yoshli Muhammad otasiga shu kabi savollar berishni to‘xtatmaydi. O‘zi kutilmagan judolikdan boshi gangib qolgan ota esa qanday javob berishni, jonday farzandini nima deb ovutishni bilmasdan tili ojiz...
Shu yilning 16 iyul kuni Xatirchi tumani Chig‘atoy mahallasida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan Sanobar Xo‘rozova ikkinchi farzandiga to‘lg‘oq tutib, Xatirchi tumani shifoxonasiga boradi.
Yakshanba dam olish kuni bo‘lganligi uchun ayolning sog‘ligi va ahvoli joyidaligini ko‘rgan shifokorlar operatsiyani dushanbaga belgilaydi. Ertasi, ya’ni 17 iyul kuni vrach Shoyim Shodiyev rahbarligida operatsiya (kesarcha kesish) qilinadi. O‘g‘il farzand tug‘ildi, hamma xursand. Shu kuni bemor soat 11-12 larda operatsiyadan chiqarilib, palataga olinadi. Hammasi ko‘ngildagidek. Lekin ming afsuski, to‘satdan bemorning ahvoli og‘irlashib, kech soat 17.00 lardan keyin yana qayta operatsiyaga olib kiriladi. Biroq...
Tug‘iliboq onasini ko‘rish armon bo‘lib qolgan chaqaloq, 3 yashar go‘dak hamda yosh oila egasi bo‘zlab qoldi. Osmon baland, yer qattiq. Yangi mehmonni yorug‘ dunyoga keltirishni istab, o‘z oyog‘i bilan yurib kelgan 25 yoshli Sanobar bu yorug‘ olamni tark etdi.
Bir qarashda taqdir ekan, peshonasiga shunday yozilgan ekan, kuni kalta ekan deyishingiz mumkin. Lekin bugungi rivojlangan tibbiyotda yurtimizda, qolaversa, jahonda ko‘plab murakkab jarrohlik amaliyotlari samarali o‘tkazilib, odamlar hayotga qaytarilayotgan bir paytda yuqoridagi kabi ayanchli holatni izohlab bo‘lmaydi.
Bu soha islohotga, o‘z kasbiga sadoqatli, malakali va tajribali shifokoru hamshiralarga muhtojligini ko‘rsatadi. Endigina operatsiyadan chiqqan ayol vrach va hamshiraning doimiy nazoratiga olinganida balki bunday ko‘ngilsiz voqea sodir bo‘lmasmidi? Operatsiyadan yaxshi chiqqan bemor palataga o‘tganidan keyin og‘ir ahvolga tushib qolishiga sabab nima? Yoki operatsiya jarayonida xatolik bo‘ldimi?! Bu kabi adog‘i yo‘q savollarga javob topish endi sohaga aloqador tashkilotlarning mas’ullari vijdoniga havola...
BaxtiyorToshnazarov, jurnalist.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter