«Xalqimizni ushbu tarixiy voqea munosabati bilan chin dildan qutlayman» — Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev baxshichilik san’ati namoyandalari va muxlislariga tabrik yo‘lladi.
«Barchangizni xalqaro miqyosdagi katta xushxabar – shu yil 16 dekabr kuni YuNESKOning Nomoddiy madaniy merosni asrash hukumatlararo qo‘mitasi tomonidan Baxshichilik san’ati Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu muhim va quvonchli yangilik madaniyat arboblari, ustoz baxshilar va iqtidorli yoshlarimiz, folklor san’atining barcha ixlosmandlari, ko‘pmillatli xalqimiz uchun albatta g‘urur va iftixor baxsh etadi.
Bu yuksak e’tirof dunyo hamjamiyatining O‘zbekistonning qadimiy tarixi va boy madaniyatiga, rang-barang ijodiy maktablar va izchil rivojlanish silsilasiga ega bo‘lgan noyob baxshichilik san’atiga ulkan hurmat-e’tiborining yorqin ifodasidir.
Darhaqiqat, xalq og‘zaki ijodining ushbu go‘zal va betakror namunasi mamlakatimizda ming yillar davomida rivojlanib, baland cho‘qqilarga ko‘tarildi. Baxshichilik san’ati yurtimizdagi turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, bir-birini tushunish va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash yo‘lida beminnat xizmat qilib keldi va bugungi kunda ham bu sharafli vazifani to‘la ado etmoqda. Yoshlarni ona yurtga, milliy-madaniy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni adolat va insoniylikka chorlash, barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishida ezgulik elchilari bo‘lgan baxshi, oqin va jirovlarning o‘rni va ta’siri beqiyosdir.
Baxshichilik san’ati ijrochidan bir vaqtning o‘zida ham mohir shoir, ham iste’dodli xonanda, ham usta sozanda va aktyorlik mahoratiga ega bo‘lishni talab etishini, buning uchun nafaqat tug‘ma qobiliyat, ayni vaqtda yuksak ijodiy salohiyat, tinimsiz izlanish zarurligini yaxshi bilamiz.
O‘zbekiston zamini Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil baxshi, Islom shoir, Po‘lkan shoir, Bola baxshi Abdullayev, Shoberdi Boltayev, Boborayim Mamatmurodov, Abdunazar Poyonov, Qora baxshi Umirov, Shomurod Tog‘ayev, Qodir baxshi Rahimov, Ziyodulla Islomov, Norbek baxshi Abdullayev, Qalandar baxshi Normetov, Abduqahhor va Abdumurod Rahimovlar kabi o‘nlab betakror iste’dod sohiblarini yetishtirdi va bu an’ana izchil davom etmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda samarali faoliyat olib borayotgan 250 nafardan ortiq soha vakillari orasida 25 nafarga yaqini “O‘zbekiston xalq baxshisi” va “Qoraqalpog‘iston xalq baxshisi” unvonlari, 1 nafari “Do‘stlik ordeni”, 11 nafari “Shuhrat” medali, 7 nafari “Nihol” mukofoti, 2 nafari “Kelajak bunyodkori” esdalik nishoni bilan taqdirlanganini qayd etish lozim.
Mamlakatimizda ushbu qadimiy san’at turini asrab-avaylash, rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida so‘nggi paytda qabul qilingan Prezident farmonlari va Hukumat qarorlari soha rivojiga yangi hayot bag‘ishlaganini ta’kidlash o‘rinlidir. Jumladan, yurtimizda YuNESKO shafeligida har ikki yilda Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish yaxshi an’ana tusiga kirdi. 2019 yil aprel oyida Termiz shahrida o‘tkazilgan birinchi va joriy yil sentyabr oyida Nukus shahrida tashkil etilgan ikkinchi festival mintaqa va xalqaro hamjamiyat madaniy doiralarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda baxshi-shoir va oqinlar o‘rtasida xalqaro ko‘rik-tanlovlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda, ta’lim muassalarida baxshichilik san’ati sirlarini o‘qitish, kelajak avlodlarga yetkazish borasida ham katta ishlar qilinmoqda. Eng muhimi, bunday keng ko‘lamli chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, hozirgi vaqtda respublika bo‘yicha baxshilar sinfi 115 taga yetib, ularda ta’lim olayotgan o‘quvchilarning umumiy soni 1500 dan, o‘qituvchilar soni esa 245 nafardan ortiqni tashkil etayotgani bu yo‘nalishdagi ishlarimiz ko‘lamidan dalolat beradi.
Hurmatli vatandoshlar!
Baxshichilik san’atini rivojlantirish yo‘lida erishgan natijalarimiz va ularning xalqaro e’tirofi bizni ruhlantirib, ulkan marralarga chorlaydi. Biz bu noyob madaniy merosni asrash, rivojlantirish va ommalashtirish, jumladan, baxshilarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun yangi imkoniyatlarni safarbar etamiz. Bu borada endi bizga YuNESKO boshchiligida xalqaro hamjamiyat ham madadkor bo‘ladi.
Fursatdan foydalanib, yana bir bor barchangizni, butun xalqimizni ushbu tarixiy voqea munosabati bilan chin dildan qutlayman.
Yurtimizda baxshichilik san’ati yanada ravnaq topsin, baxshi, oqin va jirovlarimizga esa jonajon O‘zbekistonimizni dunyoga tarannum etishda yangi yutuq va muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin!», deyiladi tabrikda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter