Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yozuvchilarga murojaat! Xalqaro konferensiyani shunchaki majlisga aylantirib qo‘ymaylik!

Yozuvchilarga murojaat! Xalqaro konferensiyani shunchaki majlisga aylantirib qo‘ymaylik!

Foto: «Telegraph.co.uk»

Mamlakatimizda kitobxonlikni targ‘ib qilish, kitob chop etish va tarqatish, yangi kutubxonalar qurish borasida keng ko‘lamli ishlar jadal davom etmoqda. Kitob deganda eng avvalo milliy adabiyotimiz ko‘z oldimizga keladi. Ammo adabiyotimizni jahon miqyosida targ‘ib qilish, yaxshi asarlarimizni dunyo tillariga o‘girish yuzasidan hali ko‘p ish qilishimiz lozimligi sir emas. Iste’dodli yozuvchilarimiz bor, ular yaxshi asarlar yaratishmoqda. Biroq bu asarlar xorij tugul o‘zimizda ham tuzukroq tashviq etilmaydi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-fevral kuni qabul qilingan «Mumtoz va zamonaviy o‘zbek adabiyotini keng targ‘ib qilish to‘g‘risida»gi farmoyishi bu boradagi ishlarimizni jadallashtirishi shubhasiz. Unda joriy yilning avgust oyida «O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilishi belgilangan. Bu ayni ko‘nglimizdagi ish bo‘ldi.

Ammo yozuvchilarimiz, adabiyotshunoslarimiz orasida sustkashlik, xudbinlik, tarafkashlik va shuning ortidan tug‘iladigan maydakashlik illatlari ham yo‘q emas. Eng avvalo ana shularga barham berishimiz kerak.

Farmoyish yuzasidan hukumat miqyosida dastur ishlab chiqish zarur. Eng yaxshi mumtoz va zamonaviy asarlarni tarjima qilib, konferensiyaga taqdim etish lozim. Bunda faqat unvonli adiblarning emas, jimgina ijod qilib yurgan yaxshi ijodkorlarning bitiklarini ham unutmaslik joiz. Eng muhimi, zo‘r iste’dod egalarini, kim bo‘lishidan qat’i nazar, konferensiyaga jalb etish, chet ellik mutaxassislarga samimiy tanitish, chuqur tahliliy ma’ruzalar tayyorlash kerak. O‘zbekiston televideniyesining «Madaniyat va ma’rifat» kanalida yangi asarlar va kitoblarning reklamasini yo‘lga qo‘yish lozim. Nima bo‘lganda ham, yaxshi niyat bilan uyushtirilayotgan nufuzli anjumanni shunchaki majlisga aylantirib qo‘ymaylik!

Nabi Jaloliddin,

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring