Umumiy madaniy rishtalar — turkiy davlatlar hamkorligining poydevori
Turkiy davlatlar hamkorlik aloqalari zamirida tarixiy rishtalar, til, din, madaniyat, an’analar va qadriyatlar yaqinligi muhim o‘rin tutadi. Shu sababdan ham Turkiy davlatlar tashkiloti dastlab madaniy-gumanitar sohada hamkorlikni yanada rivojlantirishni asosiy vazifalardan biri sifatida belgilagan edi.
Turkiy davlatlar o‘zining san’ati, madaniyati, adabiyoti hamda sohaga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk shaxslari bilan dunyoga mashhurdir. Shu nuqtai nazardan Turkiy davlatlar tashkilotining har bir sammitida madaniy hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bugungi kungacha ham tashkilot doirasida salmoqli ishlar amalga oshirilib kelmoqda.
Xususan, turkiy xalqlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, umumiy moddiy va madaniy merosni asrab-avaylashni o‘z oldiga maqsad qilgan — Turk madaniyati xalqaro tashkiloti (TURKSOY) faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Shuningdek, Turk dunyosini tadqiq etish, til va adabiyotini keng o‘rganish, ilmiy va ta’lim faoliyatini chuqurlashtirish bo‘yicha xalqaro ilmiy markaz ya’ni Xalqaro turk akademiyasi tashkil etilgan. Mazkur akademiya 40 ga yaqin ilmiy-tadqiqot institutlari, tarix va madaniyat markazlari bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan bo‘lib, yuzdan ortiq turkshunos olimlar loyihalarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. Akademiya qoshida 5 ta ilmiy muassasa — Tarix va etnologiya markazi, Til, adabiyot va atamashunoslik markazi, San’at va madaniyat markazi, Ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar marazi, Xalqaro tadqiqotlar markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi ham tashkil etilgan bo‘lib, turkiy xalqlar madaniyati va san’atini rivojiga xizmat qiladi.
Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan adabiyot va san’at sohasiga ulkan hissa qo‘shgan yozuvchi, shoir va san’at sohasi ijodkorlarini nomlarini ulug‘lab kelinmoqda. Xususan, qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov yili (2018), qozoq shoiri Abay Kunanbayevning 175 yilligi, shuningdek, boshqa turk dunyosining faxri bo‘lgan san’at darg‘alarining yubiley yillari nishonlandi.
Turkiy xalqlar o‘zining qadimiy va boy obidalari bilan dunyo e’tiborini o‘ziga jalb etadi. Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan an’ana sifatida a’zo davlatlar shaharlari Turkiy dunyo madaniy poytaxti, deb e’lon qilib kelinadi.
Hozirgi vaqtda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi Turkiy universitetlar Ittifoqi faoliyat olib bormoqda hamda Yoshlar festivallari, Turkiy yoshlar lageri va Turkiy davlatlarning yosh diplomatlari uchun kurslar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. 2018-yilda Boku shahrida Turkiy kengashning birinchi talabalar o‘yinlari (Turkiya Universiadasi) bo‘lib o‘tdi. Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining muntazam o‘tkazilishi ham turkiy tilli xalqlar o‘rtasidagi madaniy-tarixiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Madaniy sohada hamkorlikning yana bir muhim jihatlaridan biri shundaki, uning turizmni rivojlantirishdagi hissasi juda katta. Xususan, so‘nggi yillarda ayniqsa a’zo davlatlar turizmni rivojlantirish bo‘yicha jiddiy ahamiyat qaratishmoqda. Mazkur yo‘nalishni mamlakat iqtisodiy o‘sishda asosiy tayanch va yo‘nalishlarga aylantirishga harakat qilishmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Turkiy davlatlar tashkiloti qardosh xalqlar o‘rtasidagi turizmni rivojlantirish ayniqsa katta ahamiyat qaratadi. Ushbu sohada «Zamonaviy ipak yo‘li» maxsus qo‘shma loyihasi ishga tushirilgan bo‘lib, u a’zo mamlakatlarning madaniy va tarixiy shaharlariga 14 kunlik sayohatni o‘z ichiga oladi. Tashkilot yoshlarga sayohat qilish, tengdoshlari bilan uchrashish va turli sohalarda zamonaviy va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.
O‘zbekiston turkiy xalqlar tarixida asosiy madaniy markazlaridan biri sifatida muhim o‘rin egallaydi. Shu sababdan mamlakatimizning mazkur tashkilotga a’zo bo‘lishi uning nufuzini yanada oshirdi. Mamlakatimiz Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surib kelmoqda. Xususan, tashabbuslar doirasida Alisher Navoiy nomidagi mukofotni ta’sis etish taklifi muhim ahamiyatga egadir. 2020–2021-yillarda Xiva shahri Turkiy dunyo madaniy poytaxti deya e’lon qilindi.
Bobirjon Izzatullayev,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti bosh mutaxassisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter