Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Turkiy dunyo nigohi – 2040»

«Turkiy dunyo nigohi – 2040»

Foto: «China-uz-friendship.com»

O‘zbekiston Prezidenti bugun Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ishtirok etishi xalqaro ekspertlar, mahalliy tahlilchilar va jurnalistlar tomonidan katta qiziqish bilan kuzatib borilmoqda.

Oliy darajadagi anjumanda eng muhim hujjatlardan biri «Turkiy dunyo nigohi – 2040» strategik hujjati imzolanishi kutilmoqda.

Ushbu dasturilamal hujjat 2019-yil 15-oktyabrda Boku sammiti chog‘ida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev tomonidan ilgari surilgan edi.

2009-yilda tuzilgan Turkiy Kengash o‘tgan o‘n yildan ortiq davr mobaynida to‘laqonli mintaqaviy tuzilmaga aylandi va bugungi Sammitda uning nomi o‘zgarishi bilan o‘z taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichiga ko‘tarilishi kutilmoqda. Ayniqsa, tuzilmaga O‘zbekistonning qo‘shilishi tashkilot faoliyatiga katta kuch va shiddat bag‘ishladi.

Barcha o‘zgarishlarga qaramay, hanuzgacha uzoq muddatli va keng qamrovli Tashkilot doirasida yagona dasturiy hujjat mavjud emas edi.

Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston teng huquqli a’zo bo‘lgan tashkilotga Vengriya kuzatuvchi hisoblanadi. Turkmaniston ham bugungi sammit chog‘ida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi tarixiy qaror hisoblanadi.

Xalq diplomatiyasi – muhim yo‘nalish

Siyosat va xavfsizlik, iqtisodiyot sohasi, xalq diplomatiyasi, tashqi sheriklik bo‘yicha hamkorlik kabi to‘rt asosiy yo‘nalish mazkur hujjatning asosini tashkil qiladi.

Albatta, barcha yo‘nalishlarda ham umumiy strategiyalar ishlab chiqishga asosiy urg‘u beriladi. O‘zaro savdoni erkinlashtirish, notarif to‘siqlarni olib tashlash, yagona sarmoyaviy makonni yaratish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish, moliyaviy fondlar tuzish albatta bu hujjatdan o‘rin olgan. Innovatsiyalar, nou-xau, yashil va raqamli iqtisodiyotga o‘tish, energetika bozorini yaratish, vizasiz erkin harakatlanish, jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashish imkoniyatlarini taqdim etish ham to‘liq aks etadi.

Albatta, bu yo‘nalishlar orasida xalq diplomatiyasi sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga barcha a’zo davlatlar katta e’tibor qaratadi.

Ijtimoiy muammolarni yuksak tafakkur bilan hal etishga qodir kelajak yoshlarini tayyorlash, oliy ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirish, turizm almashuvlarini kuchaytirish bunda juda muhimdir.

Sport va san’atni keng targ‘ib etish, madaniy merosni ommalashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ijtimoiy guruhlar o‘rtasida muloqotni kuchaytirishga ustuvor urg‘u beriladi.  

Hech kimga sir emas, bugungi kunda Turkiya davlati yuz minglab vatandoshlarimiz samarali mehnat qilmoqda, talabalar o‘qimoqda va har yili qanchadan-qancha fuqarolarimiz sayyohlik maqsadlarida bu yerda bo‘lishmoqda.

Pandemiya davrida esa davlatlarimiz bir-birini faol qo‘llab-quvvatlaganini oddiy odamlarimiz ham yaxshi his qilishdi.

Joriy yilda Toshkent va Samarqand arxitektura universitetlarida zamonaviy ta’lim sohamiz tarixida ilk bor turk fuqarolari bo‘lgan rektorlar tayinlandi. Buyuk ajdodimiz «Jaloliddin Manguberdi»ga bag‘ishlangan ko‘p seriyali qo‘shma film ishlanib, xalqimizga taqdim etildi va yaxshi kutib olindi.

Bir so‘z bilan aytganda, qardoshlik ruhi xalqlarimizning barcha o‘zaro manfaatli sohalarini kengroq qamrab olmoqda. Muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Tashkilotning avvalgi va bugun o‘tayotgan sammitlarida ilgari surayotgan ko‘plab hayotbaxsh tashabbuslari va foydali takliflari esa umumiy til, tarix va madaniy rishtalar bilan chambarchas bog‘langan xalqlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik aloqalarini yangi, yuksak bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Albatta, biz olimlar ham tashqi siyosat borasida Davlatimiz rahbarining bunday katta ijodiy o‘zgarishlarga olib kelayotgan amaliy ishlarini chuqur ilmiy tahlil qilishimiz, yosh avlod vakillariga yetkazishimiz va o‘zimizning xayrihoh munosabat va batafsil tahlillarimizni berib borishimiz kerak.

E’tibor Sultonova,

siyosiy fanlar doktori, professor

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring