«Turkiy dunyo madaniy poytaxti»da o‘zbekistonlik san’atkorlar ham mahoratini namoyish qildi
Ozarbayjonning madaniy poytaxti Shusha shahrida davom etayotgan «Xarıbülbül» V xalqaro folklor festivalida Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi «Bahor» davlat raqs ansambli ham munosib ishtirok etmoqda. «Trend» axborot agentligi o‘zbekistonlik san’atkorlar chiqishini yuqori baholadi.
«Jozibador raqslarda o‘zbek folklorining ham o‘ziga xos jihatlari aks etdi. Ko‘p asrlik musiqiy an’analarni davom ettirayotgan san’atkorlarning nafis harakatlariga rango-rang liboslar mukammallik baxsh etdi», – deb yozdi Ozarbayjon agentligi.
Ozarbayjon madaniyat vazirligi, Haydar Aliyev fondi va Shusha shahri davlat qo‘riqxonasi tomonidan tashkil etilgan «Xarıbülbül» xalqaro folklor festivalida dunyoning turli mamlakatlaridan borgan sozandalar, raqs jamoalari va folklor guruhlari ishtirok etmoqda.
Mazkur festival an’anaviy ravishda Shusha hamda Qorabog‘ning boshqa mintaqalarida o‘tkazib kelingan. Ammo Qorabog‘ ishg‘ol ostida bo‘lgan so‘nggi chorak asr davomida mazkur madaniy tadbirni o‘tkazish imkoni bo‘lmagan. Shunga ko‘ra ko‘p yillik tanaffusdan keyin tashkil qilinayotgan festivalga katta e’tibor qaratilmoqda. Uning ochilishida mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev ham qatnashgan.
Ozarbayjonda 2022 yil «Shusha shahri yili» deb e’lon qilingan. Qolaversa, joriy yilda mazkur tarixiy shaharning 270 yilligi nishonlanmoqda.
Shusha Ozarbayjonning madaniy poytaxti, san’at beshigi sanaladi. Asrlar mobaynida bu zamindan atoqli so‘z va soz san’ati ustalari yetishib chiqqan. Shaharda yuzyillik mobaynida me’morchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq rivoj topgan.
Eslatib o‘tamiz, Shusha TÜRKSOY tashkiloti tomonidan 2023 yilda «Turkiy dunyoning madaniy poytaxti» deb e’lon qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter